Toshkent shahrida fuqarolarni haj va umra safariga “Saudiya safari” degan nom ostida aldov yo‘li bilan yuborayotgan turfirma rahbari ushlandi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum bo‘lishicha, u navbatdagi mijozlaridan haj safariga yuborish va haj vizasini qilib berish evaziga 19 ming dollar olayotgan bo‘lgan.
“Mening vazifam odamlar bilan gaplashish, ularga tushuntirish va ularni chaqirib berish bo‘lgan. Bir mijoz telefon qilib, ota-onasiga haj yo‘llanmasini sovg‘a qilmoqchi ekanligini aytdi. Odam boshiga 3 ming dollar berishini aytdim. Ular kelib, 19 ming dollar berdi. Oldi-berdi qilayotganimizda ichki ishlar xodimlari kelib qo‘lga olishdi.
Umra masalasi bo‘yicha rahbarimizga aytganman, litsenziyamiz yo‘q, nima qilamiz deb. Ular Saudiya safari tashkil qilishimizni, Madina, Makka shaharlarini aylantirishimizni aytganlar. Shunday qilib olib borsak bo‘ladi, umra qilish-qilmaslik odamlarning xohishi deganlar. Ramazon oyida 300 kishini uchirdik. Rahbarimiz Saudiya safari deb ayting deganlariga shunday deb aytganman”, deydi turfirma xodimi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aprel oyining o‘rtalarida Toshkentda to‘rt kishini hajga jo‘natish uchun 23,6 ming dollar olgan shaxs ushlangandi. Shuningdek, poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqiladi. Bu orqali fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsad qilingan.
Izoh (0)