O‘zbekistonda hukumat qarori bilan 2025 yil 1-maydan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirishning yangi normalari kuchga kiradi. Bojxona qo‘mitasi ushbu qaror qabul qilinishining zaruratini tushuntirdi.

Qo‘mita xabarida ta’kidlanishicha, dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha va tarmoqlarga jiddiy ta’siri sezilmoqda. Xalqaro siyosat va iqtisodiyotdagi o‘zgaruvchan munosabatlar, turli tarif va cheklovlar barcha davlatlar qatori O‘zbekistonga ham zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotining sekinlashishi va xalqaro savdo kamayishiga olib kelmoqda.
Xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi prognoz qilinayotgan bir vaqtda O‘zbekiston o‘z kuchi va ichki imkoniyatlariga tayanib dadil qadam tashlamoqda.
Shu boisdan jahon iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-aprel kuni “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deyiladi qo‘mita xabarida.
Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish tartibidagi yangi o‘zgarishlar
Qaror bilan 2025-yil 1-maydan e’tiboran jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirish normalari quyidagi miqdorlarda belgilandi:
- havo transportida — 1000 AQSH dollari (amalda 2000 AQSH dollar);
- temiryo‘l va daryo transportida — 500 AQSH dollari (amalda 1000 AQSH dollar);
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali esa mavjud 300 AQSH dollari miqdoridagi norma o‘zgarishsiz qoldi.
Xalqaro amaliyot bilan taqqoslash
Bojxona qo‘mitasining bildirishicha, dunyo amaliyoti bilan taqqoslansa, tovarlarni bojsiz olib kirish normalari O‘zbekistonda yuqori belgilangan. Yevropa ittifoqi davlatlarida jismoniy shaxslar havo transportida kirib kelganda 480 AQSH dollari, avto, piyoda yoki temiryo‘lda kirib kelganda 330 AQSH dollari qiymatidagi tovarlarnigina bojsiz olib kirishlari mumkin.
Turkiyada ham mamlakatga qaysi transport turida kirib kelishidan qat’i nazar faqatgina 480 AQSH dollari qiymatidagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Bu me’yor Xitoyda 722 AQSH dollarini tashkil qiladi.
Tahlillarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalaridan tijorat maqsadlarida foydalanish ko‘lami sezilarli ravishda oshgan.
Shu sababli endilikda temiryo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda ikki kalendar kundan, havo transportida uch kalendar kundan kam muddat bo‘lgan taqdirda, bojsiz olib kirish normalari qo‘llanmaydi.
Bu kabi amaliyot Singapur, AQSH, Turkiya, Braziliya, Argentina kabi davlatlarda mavjud. Bunda, ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi hamda tovarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Fuqarolarning haq evaziga “tashmachilik” faoliyati
Tahlillarga ko‘ra, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan fuqarolar o‘ziga tegishli bo‘lmagan tovarlarni ma’lum haq evaziga olib o‘tib berib, “tashmachilik” faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Ulardan ayrimlari bir oyda 100 marotabagacha chegarani kesib o‘tayotgani inobatga olinsa, o‘z ehtiyoji uchun degan niqob ostida aslida tijorat maqsadidagi tovarlarni tashishayotgani oydinlashgan. Natijada tashmachilar ko‘magida yirik partiyadagi tovarlar mayda partiyalarda hech qanday bojxona to‘lovlarisiz O‘zbekiston ichki bozoriga kirib kelmoqda.
Bu kabi holatlar xalqaro aeroportlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xorijiy mamlakatlarga tijorat maqsadida boruvchi yo‘lovchilar va ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni so‘nggi yillarda karrasiga oshib bormoqda.
Ayrim yo‘lovchilar bir yil davomida o‘rtacha 100-150 tagacha parvozlarni amalga oshirganidan ko‘rinib turibdiki, ular havo yo‘llari orqali tijorat tovarlarini shaxsiy ehtiyoj uchun niqobi ostida olib kirishayotgani ma’lum bo‘ladi. Ularning umumiy soni birgina poytaxt aeroportida 500 nafardan oshadi. Ushbu yo‘lovchilarning har biri yiliga o‘rtacha 2-3 tonnagacha og‘irlikdagi tovarlarni olib kirishmoqda. Xo‘sh, bu tovarlar shaxsiy ehtiyoj uchunmi?, deyiladi qo‘mita xabarida.
Amaldagi qonunchilikda chegara bojxona postlari orqali tovarlarni notijorat tovar niqobi ostida noqonuniy olib o‘tish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Birgina 2024-yilda chegara bojxona postlari orqali harakatlangan 600 nafarga yaqin shaxslar ana shunday huquqbuzarlik holatlarini takror va takror sodir etib kelmoqda. Natijada ayrim fuqarolar bir yilda o‘rtacha 10-20 marotaba ayni shunday turdagi huquqbuzarliklarni sodir etib javobgarlikka tortilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslarning “yashil” yo‘lak orqali harakatlanishi unda bojsiz olib kirish me’yoridan ortiqcha, tijorat maqsadida olib o‘tilayotgan, taqiqlangan yoki cheklangan biror turdagi deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan tovarlar mavjud emasligi haqida bojxona organiga deklaratsiya taqdim etganini anglatsa-da, o‘tgan 2024-yil davomida chegara bojxona postlarda “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan 1 190 nafar jismoniy shaxslar tomonidan 21 milliard so‘mga yaqin tovarlarni noqonuniy olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar aniqlangan.

Kuryerlik xizmati orqali yetkazib berish tartibidagi yangi o‘zgarishlar
Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslarga kuryerlik jo‘natmalari orqali bir oyda 200 AQSH dollari qiymatidagi tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin bo‘ldi. Ilgari bu me’yor bir chorakda 1000 AQSH dollarini tashkil qilar edi.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonga kirib kelayotgan kuryerlik jo‘natmalarining o‘rtacha qiymati 200 AQSH dollarini tashkil qiladi. Yuqoridagi me’yorni belgilashda shunga asoslandi.
Tovarlarni kuryerlik jo‘natmalari orqali bojsiz olib kirish me’yorlari xorijiy davlatlarda quyidagicha:
- Xitoyda — 288 AQSH dollari;
- Janubiy Koreyada — 150 AQSH dollari;
- Gruziyada — 125 AQSH dollari;
- Ukrainada — 100 yevro;
- Buyuk Britaniyada — 188 AQSH dollari;
- Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida — 41-175 AQSH dollari;
- Turkiyada — 79 AQSH dollari.
Ushbu me’yorlar faqatgina bojxona boji uchun amal qilib, tovarlarni olib kirishda QQS to‘liq hajmda undiriladi. O‘zbekistonda esa QQS undirilmaydi.
Amaldagi tartibni suiiste’mol qilish holatlari kuzatilgan
Tahlillarga ko‘ra, kuryerlik jo‘natmalari orqali tovarlarni bojsiz olib kirish normasini suiiste’mol qilgan holda tijorat maqsadi uchun ko‘zlangan tovarlarni “notijorat” niqobi ostida olib kirishga urinishlar ortgan. Xususan, 2023—2024-yillar davomida 1,1 mingta holatda 8,3 milliard so‘mlik bojxona qoidalari buzilishi aniqlangan.
Xususan, fuqaro K.A. nomiga bir yilda 408 ta, yana bir fuqaro nomiga esa bir yilda 381 ta partiyada jo‘natmalar yuborilganidan ko‘rinib turibdiki, mazkur jo‘natmalardagi tovarlar shaxsiy ehtiyoj uchun emas, aksincha tijorat maqsadida yuborilgan.
2024-yil davomida O‘zbekistonda 687 mingdan ziyod fuqarolar nomiga xorijdan o‘rtacha 8 tadan jo‘natma kelgan. Jami kelgan jo‘natmalar soni 2023-yilga nisbatan salkam 3 barobarga oshib, 5 million 735 mingtani tashkil qilgan.
Nomiga jo‘natmalar yuborilgan fuqarolarning shaxsi o‘rganilganida ular orasida vafot etgan shaxslar ham aniqlangan, aksariyat hollarda esa fuqarolar nomiga chet eldan jo‘natma kelganidan xabarlari ham yo‘q bo‘lib chiqqan. Bunda, tovarlarni mayda partiyalarga bo‘lib fuqarolarning shaxsga doir (pasport) ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanib soxta yuk-kuzatuv hujjatlari bilan mamlakatga olib kirish sxemasi qo‘llanmoqda.
Ta’kidlash lozimki, har bir davlat bugungi dunyodagi tub iqtisodiy o‘zgarishlar davrida, global sanksiyalar sharoitida o‘zining iqtisodiy siyosatini milliy manfaatlari va o‘z xalqining farovonligi nuqtayi nazaridan tashkil etmoqda. Ayni paytda, qaror bilan kiritilayotgan o‘zgarishlar xalqaro standartlar va rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasiga to‘liq muvofiq keladi, deyiladi xabarda.
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining bildirishicha, mazkur tartibotlarning barchasi bojsiz olib kirish me’yorlarini jahon standartlariga muvofiqlashtirilishi bilan bir qatorda ichki bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga taʼsirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazganida mamlakatda 1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligini aytdi. Mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirilib, uni realizatsiyasidagi nazorat kuchaytirilishini ma’lum qildi.
Prezidentning yangi farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi hamda ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi (TRIS) orqali amalga oshiriladi.
2025-yil 1-avgustdan oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi hamda qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari daxldor vazirlik va idoralar bilan kelishilgandan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi.
Izoh (0)