Andijon viloyatida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni respublika hududiga olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “Do‘stlik” chegara-bojxona posti orqali muntazam ravishda tijorat maqsadidagi tovarlarini go‘yoki shaxsiy ehtiyoj uchun olib o‘tadigan 3 nafar fuqaro 9 kg bo‘lgan 3 dona kir yuvish kukunini chegara-bojxona postidan olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatildi.
Mazkur tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada kir yuvish kukuni qadog‘i muqaddam ochilgani va uning ichiga aslida pregabalin kuchli taʼsir qiluvchi moddasi joylangani fosh bo‘ldi.
Pregabalinni qabul qilib oluvchi shaxsga yetkazayotgan yo‘lovchi ham Ohangaron tumanida qo‘lga olindi. Uning yonida 27 kg og‘irlikdagi 9 dona kir yuvish kukuniga ham kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aralashgani aniqlandi.
Ushbu kuchli taʼsir qiluvchi moddalar Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi xonadonlardan biriga keltirilishi kerak bo‘lgan. Shubha ostiga olingan shaxsning ushbu tumanda ijarada yashab kelayotgan xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida bu yerda yashirin narkolaboratoriya tashkil etishga hozirlik ko‘rilayotgani aniqlandi.
Xususan, kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qayta ishlash va taqsimlash maqsadida turli jihozlar, xomashyo va bo‘sh kapsulalar borligi aniqlandi.

Shu bilan birga, ushbu holatning ertasi kuni “Do‘stlik” chegara-bojxona postida aynan ushbu laboratoriyaga yetkazilishi kerak bo‘lgan 20 kg og‘irlikdagi 2 nomdagi kir yuvish kukuni qadoqlariga joylangan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning navbatdagi partiyasi ham qo‘lga olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar yakunida jami og‘irligi 56 kg ni tashkil qiluvchi 16 dona kir yuvish kukuni qadoqlariga solingan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar olib qo‘yildi. Shundan 45 kg ni pregabalin moddasi tashkil etgan.
Maʼlumot uchun, 1 kg pregabalin moddasini 33 ming kapsulaga taqsimlash mumkin. Ushbu holatda salkam 1,5 mln dona kapsulaga yetarli kuchli taʼsir qiluvchi moddalar tarqab ketilishining oldi olingan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qora bozordagi narxi 40 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Hozirda jami og‘irligi 45 kg pregabalin moddasi daliliy ashyo sifatida olinib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)