Toshkent shahri, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida haj va umra safarlariga olib borish bilan aldab fuqarolarning mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi Namangan tumanining “Mingchinor” mahallasida yashovchi shaxs unga nisbatan firibgarlik jinoyati bilan ayb eʼlon qilinib, garov ehtiyot chorasi qo‘llangan bo‘lsa-da, Chortoq tumanida yashovchi fuqarodan o‘zini va oila aʼzolaridan 5 kishini umra ziyoratiga yuborish uchun jami 6,4 ming dollarni talab qilgan.
U pullarni qo‘lga kiritib, shaxsiy manfaatlari uchun sarflab yuborgan.
Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan ayblov eʼlon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Farg‘ona viloyatida sayyohlik firmasi orqali 3 kishini 28 ming dollar evaziga haj safariga yuborishni aytgan shaxs 15 ming dollarni olayotganda ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 211-moddalaring (pora berish) tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 1991-yilda tug‘ilgan shaxs ariza muallifidan onasi va jiyanini Qirg‘izistondagi tanishlari yordamida, ushbu davlat orqali haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming dollar berishini talab qilgan. U shundan 10 ming dollarni olayotganda ushlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qamoqqa olingan.
Aprel oyining o‘rtalarida Toshkentda to‘rt kishini hajga jo‘natish uchun 23,6 ming dollar olgan shaxs ushlangandi. Shuningdek, poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqiladi. Bu orqali fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsad qilingan.
Izoh (0)