Toshkentda tungi klub menejeri mijoz tomonidan otilgan “xlopushka” sabab ko‘zidan og‘ir jarohat olgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt IIBB holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda keltirilishicha, 17-iyul kuni taxminan soat 02:00 larda Yashnobod tumanidagi tungi klublarning birida, 1980-yilda tug‘ilgan A.R. shu klubning ishchisi 2000-yilda tug‘ilgan M.K.ning yuz qismiga paqildoq (xlopushka) otgan.
Oqibatda fuqaro “ko‘z olmasi og‘ir darajali kontuziyasi, yuqori qovoq, burun yuzasi va peshona sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi hamda shilingan jarohati” tashxisi bilan shifoxonaga olib borilgan. Hozirda bemor shifokorlar nazoratiga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Fevral oyida Farg‘onada kompyuter klubida janjal ko‘targan shaxslar qamoqqa olingan edi. 21-fevral kuni Farg‘ona shahar Oftob ko‘chasida joylashgan kompyuter o‘yinlari klubida yetti nafar tanishlar o‘zaro baqir-chaqir qilib kompyuter o‘ynagani uchun klub ish boshqaruvchisi F.Xudoynazarov tomonidan ularga e’tiroz bildirilgan. Natijada o‘zaro kelishmovchilik sababli fuqaro O.Vallomov uni kaltaklagan, janjalga uning sheriklari ham qo‘shilgan.
O‘zbekistonda 2024-yilda 469 568 kishi maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Ko‘rilgan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini mayda bezorilik kabi huquqbuzarliklar bo‘lgan. 2024-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 77 995 nafar shaxsga nisbatan 61 481 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Sudlanganlar soni 61 502 nafarni tashkil etib, shundan 20 659 kishiga ozodlikdan mahrum qilish va 39 763 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan, 1 080 nafar shaxs shartli hukm qilingan.
Izoh (0)