Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi tungi klubda mijoz atayin menejer qizning yuziga “xlopushka” otgani aks etgan video tarqaldi.

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, hodisa 17-iyul kuni sodir bo‘lgan. Tungi klubda menejer lavozimida ishlagan, 25 yoshli qiz mijozdan bar stolidan “xlopushka”ni olib qo‘yishni so‘ragan. Shu vaqt mijoz uning yuziga atayin mazkur buyumni otgan. Jabrlanuvchi voqeadan keyin aybdor hatto uzr so‘ramaganini qayd etgan.
Shifokorlar ko‘z olmosi og‘ir darajali kontuziyasi, yuqori qovoq, burun yuzasi va peshona sohasi yumshoq to‘qimalari shilingan jarohati tashxisini qo‘ygan, tiklanish olti oygacha davom etishi mumkin. Qiz huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan.
Ayollar huquqi faoli Kamola Aliyeva ham bu haqda o‘z ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi. Unga ko‘ra, kafe maʼmuriyati jabrlanuvchiga hech qanday yordam bermayapti. Chunki mijoz bir kelgan vaqtida kafega 20-30 mln so‘m to‘lab ketadi.

Fevral oyida Farg‘onada kompyuter klubida janjal ko‘targan shaxslar qamoqqa olingan edi. 21-fevral kuni Farg‘ona shahar Oftob ko‘chasida joylashgan kompyuter o‘yinlari klubida yetti nafar tanishlar o‘zaro baqir-chaqir qilib kompyuter o‘ynagani uchun klub ish boshqaruvchisi F.Xudoynazarov tomonidan ularga e’tiroz bildirilgan. Natijada o‘zaro kelishmovchilik sababli fuqaro O.Vallomov uni kaltaklagan, janjalga uning sheriklari ham qo‘shilgan.
O‘zbekistonda 2024-yilda 469 568 kishi maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Ko‘rilgan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini mayda bezorilik kabi huquqbuzarliklar bo‘lgan. 2024-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 77 995 nafar shaxsga nisbatan 61 481 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Sudlanganlar soni 61 502 nafarni tashkil etib, shundan 20 659 kishiga ozodlikdan mahrum qilish va 39 763 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan, 1 080 nafar shaxs shartli hukm qilingan.
Izoh (0)