Yaponiyada halok bo‘lgan ayolning jasadi 1-avgust kuni O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 252-qaroriga muvofiq mamlakatning Yaponiyadagi elchixonasi va Migratsiya agentligi tomonidan jasadni vatanga qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, marhumaning 2 nafar voyaga yetmagan farzandi hamda turmush o‘rtog‘iga aviachiptalar xarid qilishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Elchixona konsullik xodimi tomonidan vafot etgan fuqaroning jasadini reysga topshirishdagi tashkiliy ishlarda ko‘mak ko‘rsatilib, ushbu reys bilan O‘zbekistonga qaytayotgan oila a’zolarini aeroportda kuzatib qo‘yildi.
O‘zbekistonda joriy yil 30-iyuldan 30-avgustgacha “Vatanga qaytarish” xayriya gumanitar aksiyasi amalga oshiriladi. Aksiyadan ko‘zlangan maqsad chet davlatlarda og‘ir sharoitda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish va ularni samarali reintegratsiya qilishdan iborat.
O‘zbekistonga qaytarilayotgan fuqarolar
2025-yilning boshlarida Rossiyaning Tiva Respublikasi Oq Dovurak shahrida vaqtincha ishlayotgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Fuqarolarning yashash joyida sodir bo‘lgan kuchli yong‘in natijasida ularning hujjatlari, shu jumladan, pasportlari yo‘qolgan.
27-fevral kuni Makkada og‘ir kasallikka chalingan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi. Fevral oyi oxirida Rossiyada ikki bolasi bilan qiyin vaziyatda qolgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi.
2025-yil 5-mart kuni Rossiyaning Vladivostok shahrida og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Mart oyining o‘rtalarida Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Rossiyaning Saxa respublikasi Neryungri shahrida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan ona va uning to‘rt nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. 17-mart kuni ota-ona qaramog‘isiz qolgan 10 nafar voyaga yetmagan bola Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarildi. Shuningdek, Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 30 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
14-iyun kuni Turkiyada o‘gay otasi jinsiy tajovuz qilgan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi. 20-iyunda esa Ummonda tutqunlikda saqlangan ayol bolalari bilan O‘zbekistonga qaytarildi.
21-iyunda Erondagi 60 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari Turkmaniston orqali vatanga qaytarilgan.
Izoh (0)