O‘zbekistonda joriy yil 30-iyuldan 30-avgustgacha “Vatanga qaytarish” xayriya gumanitar aksiyasi amalga oshiriladi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
-UjGSsDQv.avif)
Aksiyadan ko‘zlangan maqsad chet davlatlarda og‘ir sharoitda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish va ularni samarali reintegratsiya qilishdan iborat.
Rejaga asosan, avvalo Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Koreyadagi deportatsiya markazlarida bo‘lib turgan ayollar va bolalar vatanga qaytariladi.
Xorijda og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan fuqarolar Konsullik muassasalari yoki Migratsiya agentligi vakolatxonalari xulosasi asosida O‘zbekistonga olib kelinadi. Vatanga qaytarilgan fuqarolarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi. Ular davlat tomonidan taqdim etilayotgan maqsadli subsidiyalar, imtiyozli kreditlar, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlanadi.
Fuqarolarni qaytarish bilan bog‘liq transport xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Ma’lum qilinishicha, elchixona va konsulliklar 7-avgustgacha chet davlatlar deportatsiya markazlaridagi o‘zbekistonlik fuqarolarni aniqlaydi. Keyin ro‘yxatni Migratsiya agentligiga taqdim etadi.
15-avgustgacha shaxsiy maʼlumotlari yetarli bo‘lmaganlar uchun zarur hujjatlarni tayyorlab, ikkinchi ro‘yxatni agentlikka yuboradi.
Migratsiya agentligi taqdim etilgan ro‘yxat asosida 1–3 ish kuni ichida aviachiptalarni xarid qiladi.
Fuqaro migratsiya agentligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilsa, agentlik xodimlari 1–2 soat ichida u bilan bog‘lanadi. Hujjatlarni masofaviy qabul qiladi. Arizani bir kun ichida ko‘rib chiqib, ikki kun muddatda yo‘l chipta bilan taʼminlaydi.
Mahalliy hokimliklar, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitalari, vatanga qaytarilgan fuqarolarni ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy moslashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Izoh (0)