Ijtimoiy tarmoqlarda Yevropaga ishga yuborish vaʼdasi bilan pul olib, fuqarolarni aldagan firma haqida video tarqaldi. Migratsiya agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Tarqalgan videoda “Adworld.uz” firmasi odamlardan ikki ming dollargacha pul olgani aytilgan. Oqibatda fuqarolar na vizaga ega bo‘lgan, na Yevropaga ishga joylashgan. Hatto to‘lagan pullarini ham ololmay oylab sarsonligi aytilgan.
Migratsiya agentligi “Adworld Group” MCHJ faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, qonunbuzarlik holatlari aniqlanganini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, firma fuqarolarning xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini litsenziyasiz amalga oshirib kelgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, “Adworld Group” MCHJ ijtimoiy tarmoqlarda Chernogoriya, Serbiya, Angliya, Litva, Norvegiya, Ummon va Yaponiya kabi davlatlardagi ish o‘rinlarini reklama qilgan. Fuqarolarga konsalting bahonasida, aslida xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini taklif etgan.
Mazkur faoliyat “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda, litsenziyasiz amalga oshirilgan.
“Ushbu kompaniyaning noqonuniy faoliyatini ayrim ko‘p sonli kuzatuvchilarga ega bo‘lgan blogerlar ham ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilgan. Blogerlar orqali berilgan noto‘g‘ri reklama odamlarda ishonch uyg‘otib, ko‘plab fuqarolar kompaniya xizmatlaridan foydalanish uchun pul to‘lashga rozi bo‘lgan va oqibatda aldanib qolgan”, deyiladi agentlik xabarida.
Ma’lum qilinishicha, “Adworld Group” MCHJga nisbatan 112,5 million so‘m miqdorida jarima tayinlangan. Jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmagani sabab mablag‘ni sud orqali undirish ishlari boshlangan.
Xorijda ishlash istagidagi fuqarolardan Migratsiya agentligi yoki faqat litsenziyaga ega, Xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilish so‘ralgan.
“Telegram yoki Instagram’dagi har qanday “Yevropaga ish”, “Yaponiyaga chiqish” kabi eʼlonlarga ishonmang. Aks holda, mablag‘ingiz va huquqlaringiz himoyasiz qoladi”, deya ogohlantirgan agentlik.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi yuqoridagi kabi masala yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqqandi. Qo‘mitaga ko‘ra, murojaatlarning aksariyati xorijda ishga yoki o‘qishga joylash vaʼdasi bilan fuqarolardan pul olib, qaytarmagan yoki xizmat ko‘rmatmagan firkmalar ustidan bo‘lgan. Shunday firmalar qatorida “Adworld group”ga nisbatan ham huquqiy chora ko‘rilgani bildirilgan.
Izoh (0)