Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiya o‘rtasida faqatgina bitta yadroviy qurollarni tiyib turuvchi bitim qoldi. Bu yadroviy urush boshlanishiga olib kelmasligi mumkin, biroq urush haqidagi xavotirlarni kamaytirmaydi ham. Bu haqda Associated Press agentligi yozdi.
Manbaga ko‘ra, Kuba raketa inqirozi davrida AQSh va Sovet Ittifoqi yadroviy to‘qnashuvga juda yaqin bo‘lgan. O‘sha paytda butun insoniyat atom urushi soyasida yashadi. Lekin 1970-yillarga kelib, Amerika va Sovet rahbarlari o‘rtadagi taranglikni yumshatuvchi qadamlar tashlashni boshlagan. Natijada insoniyat uchun muhim bo‘lgan bir qator kelishuvlarga erishildi. 1987-yilda o‘rta masofaga uchuvchi raketalar (The Intermediate-Range Nuclear Forces Treaty, INF) borasida kelishuvga erishildi. Ya’ni bu bitim o‘rta masofaga uchuvchi yadro qurollarini butunlay yo‘q qilishga qaratilgan edi.

AQSh bu shartnomadan 2019-yilda chiqib ketdi. Joriy yilning 5-avgust kuni Rossiya ham bitim doirasida raketalarni joylashtirish bo‘yicha o‘ziga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilganini e’lon qildi. Endilikda Moskva va Vashington o‘rtasida faqat bitta yadroviy qurollarni cheklovchi bitim — “New START”gina qoldi, xolos. Mutaxassislarning aytishicha, bu kelishuv ham xavf ostida qolmoqda, sababi shartnoma 2026-yilning fevral oyida tugaydi.
Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining yadroviy nazorat bo‘yicha mutaxassisi Aleksandr Bollfrassning aytishicha, yuqoridagi omillar yadroviy falokatni muqarrar qilmaydi.
“AQSh va Rossiya o‘rtasidagi yadroviy kelishuvlarning tugashi yadroviy urushni muqarrar qilmaydi. Lekin bu xavfni kamaytirmaydi ham”, — degan yadro bo‘yicha mutaxassis.
Qayd etilishicha, ikki tomon ham yadro bo‘yicha ko‘plab xalqaro majburiyatlarni bo‘yniga olgan. Biroq tomonlar o‘rtasidagi beqaror munosabat va o‘zaro muloqotning yo‘qligi global tahdidni oshirmoqda.
AQSh va Rossiyaning yadroviy arsenalini 1970–1980-yillardagi bilan solishtirganda ancha katta farq yuzaga keladi. 1986-yilda Sovet Ittifoqining yadroviy kallaklari soni 40 000 dan ortiq edi. AQShda esa 20 000 dan ko‘p kallak bo‘lgan. Keyinchalik imzolangan bir qator bitimlardan so‘ng bu raqamlar keskin kamaydi.
Amerika Fanlar Federatsiyasi 2025-yilning mart oyida taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada 5 459 ta, AQShda esa 5 177 ta yadroviy kallak mavjud. Bu esa dunyo yadro arsenalining 87 foizini tashkil etadi.
1972-yil may oyida, Kuba raketa inqirozidan 10 yil o‘tib, AQSh va SSSR strategik qurollarni cheklash bo‘yicha birinchi kelishuv bitimini imzolashdi. Bu bitim yadroviy raketalar, bombardimonchi samolyotlar va suvosti kemalariga cheklovlar o‘rnatdi. Shuningdek, ular ballistik raketalarga qarshi mudofaa shartnomasini ham tuzib, yadroviy zarbaga qarshi chiquvchi tizimlarga cheklovlar kiritishdi.
1987-yilda SSSR yetakchisi Mixail Gorbachyov va AQSh prezidenti Ronald Reygan o‘rta masofaga uchuvchi raketalar bitimini imzoladi. Bu shartnoma 500 dan 5 500 kilometrgacha bo‘lgan masofaga uchuvchi raketalarni kamaytirishi va tiyib turishini ko‘zda tutgan. Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida bu kelishuvdan chiqdi. Oq uy bu harakatlaridan maqsad bitimga qo‘shilmagan Eron va Xitoy kabi davlatlarni strategik jihatdan zaiflashtirish ekanini bildirgan. Endilikda Rossiya ham shartnoma doirasidagi majburiyatlarini bajarmaydi.
Rossiya o‘zining o‘rta masofaga uchuvchi “Oreshnik” nomli giper tovushli raketasini 2024-yilda Ukrainaga qarshi sinovdan o‘tkazdi. Prezident Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, bunday turdagi qurollar Belarus davlati hududiga ham joylashtirilgan.
Izoh (0)