O‘zbekistonda kommunal xizmat ko‘rsatuvchilar 2025-yilning olti oyida iste’molchilarga ortiqcha hisoblangan jami 20 mlrd so‘mga yaqin pulni qaytardi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, mablag‘lar 48 mingdan ortiq jismoniy va 100 dan ortiq yuridik iste’molchilarga qaytarilishiga erishildi:
- elektr energiyasi sohasida – 5,5 mlrd so‘mga yaqin,
- tabiiy gaz sohasida – 7,5 mlrd so‘mga yaqin,
- ichimlik suv ta’minoti sohasida – 2,5 mlrd so‘mga yaqin,
- issiqlik ta’minoti sohasida – 4,5 mlrd so‘mdan ortiq.
Jumladan, Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi “Ishsizlarni kasb-hunarga o‘rgatish markazi” murojaati asosida “Samarqand suv ta’minoti” AJ tomonidan (ichimlik suvidan) asossiz hisoblangan 263 mln so‘m mablag‘ni qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Beruniy tumani bo‘linmasi tomonidan “Xoji Karimov” fermer xo‘jaligiga nisbatan asossiz hisoblangan 86 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni, “Qoraqalpoq suv ta’minoti” AJ tomonidan 48 mingdan ortiq iste’molchiga asossiz hisoblangan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni (Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluvchi qarori asosida) qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan.
Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Issiqlik manbai” DUK murojaati asosida “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan asossiz hisoblangan (1,6 mln m3 dan ortiq tabiiy gaz uchun) 2,5 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ (Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluvchi qarori asosida) qayta hisob-kitob qilingan.
Iyul oyida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘onada chiqindi tashish xizmati uchun aholidan 1,7 mlrd so‘m asossiz undirilganini ma’lum qilgandi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bunga qarshi raddiya bergandi.
Izoh (0)