Joriy yilning I yarmida respublikada tug‘ilgan chaqaloqlar soni 2024-yil mos davridagidan 14,4 ming nafarga kamaydi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.

Aholi soni ko‘paydi
2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 37 million 860 ming kishiga yetdi. Mazkur ko‘rsatkich 2024-yil iyulidagiga nisbatan 2 foizga ko‘p. Yarim yil davomida aholi sonining tabiiy o‘sishi 321,4 ming kishiga teng bo‘ldi.
Eng ko‘p aholi Samarqand (4,3 mln kishi) va Farg‘ona (4,2 mln kishi) viloyatlarida yashamoqda. Eng kam aholi esa Sirdaryo viloyatida — 938,5 ming kishi.

Tug‘ilish qisqarib, o‘limlar ko‘paydi
O‘zbekistonda 2025-yil yanvar-iyun oylarida 405,5 ming chaqaloq tug‘ildi. Shundan 209,6 ming nafari o‘g‘il (51,7 foiz), 195,9 ming nafari (48,3 foiz) qiz bolalar. Shahar joylarida 197,8 ming, qishloqlarda 207,7 ming chaqaloq dunyoga kelgan.
Joriy tug‘ilishlar soni 2024-yil mos davriga nisbatan 14,4 ming nafarga, 2023-yil I yarmiga qaraganda 29,1 ming nafarga kamaygan.
Olti oy davomida mamlakatda vafot etganlar soni 84,1 ming kishini tashkil etgan. Shundan erkaklar 46,2 ming kishi (54,9 foiz), ayollar 37,9 ming kishi (45,1 foiz) bo‘lgan. Olamdan o‘tganlarning 45,6 ming nafari shaharlarda (54,2 foiz), 38,5 ming nafari qishloqlarda (45,8 foiz) yashagan.
Umuman olganda, o‘limlar soni 2024-yil iyul oyidagidan 2,7 mingtaga, 2023-yil mos davridagidan 4,4 mingtaga ko‘paygan.
Nikohlar kamayib, ajrashish ko‘paydi
Olti oy mobaynida respublikada jami 95,3 mingta nikoh tuzilgan. Bu raqam 2024-yil mos davridagidan 2,1 mingtaga kam. Nikohlarning 48,7 mingtasi (51,1 foiz) shaharlarda, 46,6 mingtasi qishloqlarda qayd etilgan.
Yarim yil ichida nikohdan ajralishlar soni 23,3 mingtani tashkil etgan (o‘tgan yil mos davridagidan 800 taga ko‘p). Ajrashishlar shaharlarda 14,1 mingta (60,6 foiz), qishloqlarda 9,2 mingta bo‘lgan.
Uch yillik ko‘rsatkichlar
2024-yilda O‘zbekistonda 926,4 ming nafar bola tug‘ilgan. Shundan 479,5 ming nafari o‘g‘il, qolgan 446,9 ming nafari qizlar. O‘tgan yili mamlakatda 2018-yildan beri birinchi marta tug‘ilishning yillik o‘sishi to‘xtagan.

Yil davomida tug‘ilganlar soni nafaqat 2023-yil, balki 2022-yil ko‘rsatkichidan ham past bo‘lgan. Tug‘ilishning kamayishi respublikaning barcha hududlarini qamrab olgan.
2024-yil yanvar–dekabr oylarida mamlakatda vafot etganlar soni 174,4 ming kishini tashkil etgan. Shundan erkaklar 96 ming, ayollar 78,4 ming nafar. Qazo qilganlardan 98,2 ming nafari shaharlarda, qolgan 76,2 ming nafari qishloqlarda yashagan.
Umuman olganda, oxirgi uch yilda o‘limlar soni oshib borgan. Jumladan, 2022-yilda respublikada 172,1 ming kishi, 2023-yilda 172,8 kishi olamdan o‘tgan.

O‘tgan yili qayd etilgan o‘limlarning 57,6 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan kelib chiqqan. Qolgan qismiga quyidagi omillar taʼsir qilgan:
- 9,4 foizi — o‘simtalardan;
- 6,3 foizi — nafas olish aʼzolari kasalliklaridan;
- 5,8 foizi — baxtsiz hodisa zaharlanish va jarohatlanishlardan;
- 4,1 foizi — ovqat hazm qilish aʼzolari kasalliklaridan;
- 1,1 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan;
- 15,7 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etganlar.
O‘limlar sonining eng ko‘p ulushi Samarqand (18 ming 854 ta), Farg‘ona (17 ming 880), Andijon (17 ming 815 ta), Toshkent (16 ming 393 ta) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (16 ming 720 ta) qayd etilgan.
Izoh (0)