Fransiyaning Izer departamentidagi Vilnev-de-Mark kommunasi meri Jil Dyusso pichoq bilan qurollangan jinoyatchining hujumidan so‘ng og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Le Parisien gazetasi xabar bermoqda.

Hodisa 6-avgust kuni 63 yoshli Dyusso 28 yoshli o‘g‘li bilan Grenobl hamda Lion oralig‘ida joylashgan, aholisi 1,2 ming kishidan kam bo‘lgan qishloq ko‘chalarida sayr qilishayotganda yuz bergan. Mahalliy vaqt bilan soat 17:00 atrofida amaldorga noma’lum shaxs hujum qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxs “merga sovuq qurol bilan hujum qilib”, uning “ko‘kragiga uch marta zarba bergan”. Jinoyatchi voqea joyidan qochib ketgan, keyin esa mashinada qaytib kelib, “mer va uning o‘g‘lini bosib ketishga” uringan.
Ta’kidlanishicha, ikkovi ham chetroqqa chiqishga ulgurgan va mashina oxir-oqibat devorga borib urilgan. Shundan so‘ng, gumonlanuvchi merning o‘g‘lini urib, piyoda qochib ketgan.
Aniqlanishicha, hujumdan so‘ng amaldor og‘ir ahvolda Liondagi Eduar Errio nomidagi shifoxonaga yetkazilgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hujumga munosabat bildirib, “ushbu jinoiy harakat aybdorini topish va jazolash uchun” barcha choralar ko‘rilayotganini aytgan.
4avgust kuni Hindistonda armiya amaldori Ritesh Kumar Singx ortiqcha yuk uchun to‘lovdan bosh tortib, aeroportning to‘rt nafar xodimiga hujum qilgandi. Natijada xodimlardan birining umurtqa pog‘onasi sinib, jag‘ suyagi jiddiy shikastlandi. Yana bir jabrlanuvchining yuziga oyoq bilan berilgan zarbadan burni va og‘zidan qon oqa boshladi.
Izoh (0)