Microsoft texnologiya giganti SAHAL 8200 kiberrazvedka bo‘linmasiga G‘azo, Yahudiya va Samariyadagi millionlab falastinliklarni kuzatishda ko‘maklashgan. Bu haqda The Guardian gazetasi, 972+ jurnali va "Siha Mekomit" nashrida e’lon qilingan qo‘shma surishtiruvda ma’lum qilindi.

Kompaniya SAHALga ma’lumotlarni saqlash va ehtimol tahlil qilish uchun o‘zining Azure bulutli platformasini taqdim etgani aytilmoqda. Jumladan, Azure serverlarida falastinliklarning telefon suhbatlari audioyozuvlari saqlangan.
Hamkorlik 2021-yil oxirida Microsoft bosh direktori Satya Nadella Microsoft bosh qarorgohida 8200 kiberbo‘limi rahbari Yosi Shariel bilan uchrashganida boshlangan.
“Kiberbo‘lim Microsoft Azure bulutli platformasining maxsus sozlangan va ajratilgan qismiga kirishga ehtiyoj sezayotgan edi.
Shu asosda 8200 bo‘linmasi G‘azo va G‘arbiy qirg‘oqdagi falastinliklar tomonidan har kuni amalga oshiriladigan millionlab mobil qo‘ng‘iroqlar yozuvlarini to‘playdigan va saqlaydigan ommaviy kuzatuv tizimini yaratishga kirishdi”, deyiladi surishtiruvda.
Bulutli tizim 2022-yilda ishga tushgan va 8200 bo‘linmasiga ayni paytga qadar ulkan miqdordagi telefon suhbatlarini uzoq vaqt davomida saqlash imkonini bermoqda.
Microsoft’ning ta’kidlashicha, Nadella SAHAL Azure serverlarida aynan qanday ma’lumotlarni saqlashni rejalashtirganini bilmagan.
8200 bo‘linmasidagi uchta manbaning aytishicha, ma’lumotlarni saqlash va tahlil qilishning bulutli tizimidan, jumladan, G‘azo va G‘arbiy qirg‘oqdagi havo hujumlari va harbiy operatsiyalarni tayyorlashda foydalanilgan.
“Isroil uzoq vaqtdan beri G‘azo, Yahudiya va Samariyadagi telefon qo‘ng‘iroqlarini ushlab, ularni tinglayotgan edi. Biroq yangi tizim butun Falastin aholisining telefon suhbatlari mazmunini saqlab qolgan holda buni ommaviy tarzda amalga oshirish imkonini bermoqda”, deya ta`kidlanadi maqolada.
Loyiha bilan tanish bo‘lgan razvedkadagi manbalarning aytishicha, 8200 bo‘linmasi rahbariyati armiyada butun aholining telefon qo‘ng‘iroqlari oqimini boshqarish uchun yetarli omborxona va hisoblash quvvati yo‘q degan xulosaga kelganidan so‘ng Microsoft’ga murojaat qilgan.
Tizim Microsoft serverlarida qurilgan. Kuchaytirilgan xavfsizlik choralari Microsoft muhandislari tomonidan 8200 bo‘linmasining ko‘rsatmalariga binoan ishlab chiqilgan.
Microsoft hujjatlarining sizib chiqishiga ko‘ra, bo‘linmaning maxfiy ma’lumotlarining katta qismi endi kompaniyaning Niderlandiya va Irlandiyadagi ma’lumotlar markazlarida saqlanishi mumkin.
“Ammo vaqt o‘tishi bilan bu hamkorlik haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka oshkor bo‘la boshladi. Xodimlar va investorlar Microsoft’ga Isroil armiyasi bilan aloqalari va hozirgi urushda uning texnologiyalarining roli tufayli bosim o‘tkaza boshladilar”, deydi mualliflar.
Izoh (0)