AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi 15-avgust kuni Alyaskada rejalashtirilgan uchrashuv Elmendorf-Richardson harbiy bazasida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda manbalarga tayanib, CNN xabar berdi.

Tashkilotchilar Alyaskada sammitni o‘tkazish uchun yagona mos joy Ankorij shahri degan xulosaga kelgan. Xavfsizlik talablariga javob berishi mumkin bo‘lgan obyekt esa Elmendorf-Richardson harbiy bazasi hisoblanadi. Biroq Oq uy Rossiya prezidenti Amerika harbiy obyektida bo‘lishi kabi vaziyatdan qochishni istagan.
Manbalarga ko‘ra, uchrashuv joyini tanlashda Yevropa variantlari darhol rad etilgan. Bunga Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan Putinni hibsga olish uchun berilgan order sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, Putin va Tramp bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Vengriya varianti ham ko‘rib chiqilgan.
Rossiya prezidenti Birlashgan Arab Amirliklarini sammit uchun munosib joy deb atagan bo‘lsa-da, Oq uy Trampning may oyidagi tashrifidan so‘ng Yaqin Sharqqa yana bir uzoq safarning oldini olishni istagan. Oxir-oqibat, Putin AQSH hududida uchrashishga rozi bo‘lganida, Amerika rasmiylari “xursand bo‘lishdi va biroz hayratda qolishdi”, deydi manba.
Uchrashuvning bir qismi tor doirada o‘tkaziladi
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levittning aytishicha, prezidentlar uchrashuvning kamida bir qismini faqat tarjimonlar ishtirokida o‘tkazadi.
Trampning Putin bilan avvalgi ikki uchrashuvida ham yuqori martabali yordamchilar bo‘lmagan, deb eslatadi CNN.
Odatda bunday sammitdan oldin keng ko‘lamli muzokaralar va bir necha oylik tayyorgarlik ko‘riladi. Ammo bu safar bunday bo‘lmadi. Trampning o‘zi buni “sinov” uchrashuvi sifatida baholashini aytmoqda.
Prezident shunday his qilmoqda: ‘Men bu odam bilan bir stolda gaplashishim kerak. Men u bilan shaxsan uchrashishim kerak. Men uni o‘zidan eshitishim kerak. Men vaziyatni uning ko‘ziga qarab baholashim kerak, deya sammitga izoh bergan AQSH davlat kotibi Marko Rubio.
AQSH maxsus vakil Stiven Uitkoffning Moskvaga tashrifidan keyin Putinni Tramp bilan uchrashishga nima undagani hozircha noma’lum.
Izoh (0)