Joriy yilning 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi muhokamasi qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.
Qonun loyihasi tashabbuskori Ichki ishlar vazirligi bo‘lib, hujjatni birinchi o‘qishga Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud masalalari qo‘mitasi kiritgan.
Spikerning o‘rinli savoli
Muhokamalar davomida spiker Nuriddin Ismoilov qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yoki qo‘yilmagani, ulardan qanday fikrlar olingani bilan qiziqdi.
Savolga javob bergan IIV jamoat xavfsizligi departamenti YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani va fikrlar olinganini bildirdi.
Shundan so‘ng Nuriddin Ismoilov hamma qo‘llab-quvvatlaganmi degan savolni o‘rtaga tashladi.
Erali Bozorov esa vazirlik va idoralardan asosiy qismi bo‘yicha ijobiy xulosa olinganini aytdi.
Qonun loyihasini regulation.gov.uz portalining eski va yangi talqinidan topishning iloji bo‘lmadi. Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevga murojaat qilganimizda uning o‘zi ham portaldan qonun loyihasini topolmaganligini bildirib, mutaxassislardan yana so‘rab ko‘rishini bildirdi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi shartmidi?
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq ishlab chiquvchi loyihalarni jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasiga olib chiqishi lozim. Shuningdek, mazkur hujjatning 24-moddasiga muvofiq ishlab chiquvchi tomonidan hujjat matni NHH loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtirilishi, muhokama muddatini tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilashi, bunda muddat o‘n besh kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Bundan tashqari Prezidentning 2024-yil 20-fevraldagi “Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-75-son qaroriga asosan 1-martdan boshlab eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishdan oldin ularning tayyorlanishi haqidagi axborot NHH loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilishi lozimligi ham belgilab qo‘yilgan.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholash uslubiyoti 30-bandiga muvofiq loyiha va tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha hisobot ishlab chiquvchi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz)ga joylashtirish orqali majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Vazirlik qonun loyihalarini doimiy muhokamadan o‘tkazgan, biroq
Izlanishlar davomida Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2018-yilning avgust oyidan joriy yilning oktyabr oyiga qadar 87 qonun loyihasi regulation.gov.uz ga joylashtirilib, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilganligi aniqlandi.
Ammo kuni kecha parlamentda ko‘rib chiqish uchun kiritilgan qonun loyihalari joylashtirilmaganligi ajablanarli?
Ichki ishlar vazirligi nima uchun qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazmasdan parlamentga ko‘rib chiqish uchun kiritdi?
Qonun loyihalarini ishlab chiqishda qaysi vazirlik va idoralarning xulosalari olindi?
Qaysi xorijiy mamlakatlarning tajribalari o‘rganildi?
"Daryo" qonun loyihasini ishlab chiquvchilardan savollarga javob kutib qoladi.
Izoh (0)