Qirg‘iziston mamlakatda birinchi kazino ochish uchun litsenziya berdi. Bu haqda Davlat moliya nazorati sayti xabar berdi.
Litsenziya “Grand casino” MCHJga taqdim qilingan. Litsenziya uchun 84 million qirg‘iz somi to‘langani xabar qilinmoqda.
Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya rahbari va ta’sischisi Adilet Abdimanapov hisoblanadi. Firma o‘tgan yilning noyabr oyida Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan.
Avvalroq, qimorga asoslangan o‘yinlarni qonuniylashtiruvchi qonun loyihasi jamiyatda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Uning qabul qilinishiga qarshilar poytaxt va viloyatlarda norozilik namoyishlari o‘tkazildi.
Jo‘qorg‘u Keneshda ham nizolar kelib chiqdi. Parlament faqat beshinchi urinishda mazkur qonunni qabul qila oldi. Adaxan Madumarov fraksiyasi deputatlari ovoz berishdan bosh tortdi va amalda jarayonga to‘sqinlik qildi.
Prezident Sadir Japarov 2022-yil 30-iyunda kazino to‘g‘risidagi qonunni imzolagan.
Izoh (0)