AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga qariyb 2,5 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Yangi paket Ukraina armiyasi uchun qo‘shimcha 1,25 milliard dollar va Pentagonning Ukraina harbiylarini tayyorlash bo‘yicha USAI (Ukraine Security Assistance Initiative) dasturi uchun 1,22 milliard dollarni o‘z ichiga oladi.
“Men o‘z ma’muriyatimga Ukrainaga imkon qadar tez yordam ko‘rsatishni davom ettirishni topshirdim. Mudofaa vazirligi qish arafasida Ukrainaning pozitsiyasini kuchaytiradigan yuz minglab artilleriya snaryadlari, minglab raketalar va yuzlab zirhli mashinalarni yetkazib berish jarayonida. AQSH mening vakolat muddatim tugaguncha Ukrainaning urushdagi pozitsiyasini mustahkamlash ustida tinmay ishlaydigan bo‘ladi”, dedi Bayden.
U bir necha kun avval Pentagonga Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni tez sur’atlarda oshirishni topshirgandi. Tegishli bayonot Rossiya Ukraina energetika tizimiga ommaviy zarbalar bergani haqidagi xabarlardan keyin e’lon qilindi.
“Rossiya Rojdestvoning dastlabki soatlarida Ukraina shaharlari va o‘ta muhim energetika infratuzilmasiga raketa va dronlar bilan zarbalar berdi. Ushbu hujumdan maqsad Ukraina xalqini qishda issiqlik va elektr energiyasidan mahrum qilish va energetika tizimi xavfsizligiga tahdid solishdan iborat”, deyilgandi Bayden bayonotida.
AQSHning Kiyevga yordami ikki asosiy yo‘l bilan amalga oshiriladi: Pentagon omborlaridan harbiy mol-mulkni jo‘natuvchi PDA tashabbusi va yangi uskunalarni sotib olishni nazarda tutuvchi USAI. Hozirgi ma’muriyat Baydenning muddati tugagunga qadar — 2025-yil 20-yanvargacha — Ukrainaga kelishilgan barcha mablag‘larni ajratish niyatida ekanini bir necha bor e’lon qilgan. Mazkur summa taxminan 9 milliard dollarga yetadi.
Izoh (0)