AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) kuchlari Suriyaning Dayr az-Zor viloyatida havo hujumini amalga oshirdi, natijada “Islomiy davlat” ISHID rahbarlaridan biri halok bo‘ldi.
Qo‘mondonlik matbuot xabarida ta’kidlanishicha, zarba 19-dekabr kuni hokimiyatdan chetlashtirilgan prezident Bashar Asad hukumat qo‘shinlari va Rossiya harbiylari nazoratida bo‘lgan hududga berilgan.
Hujum oqibatida ISHID jangarilari, jumladan, guruh rahbarlaridan biri Abu Yusuf o‘ldirilgan.
Pentagonga ko‘ra, havo hujumi Markaziy qo‘mondonlikning “terrorchilarning AQSH tinch aholisi va harbiy xizmatchilariga, ularning ittifoqdoshlari va hamkorlariga qarshi hujumlarni rejalashtirish, tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha urinishlarini barbod qilish va zaiflashtirish” vazifalarining bir qismi hisoblanadi.
“Aytib o‘tilganidek, Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi ittifoqchilari va hamkorlari bilan birgalikda ISHIDning Suriyadagi joriy vaziyatdan foydalanishiga va qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaydi”, dedi CENTCOM qo‘mondoni general Maykl Erik Kurilla.
Uning aniqlik kiritishicha, “ISHID hozirda Suriyada qamoqda saqlanayotgan 8 mingdan ortiq ISHID jangarilarini ozod qilishni maqsad qilgan”.
“Biz bu yetakchilar va jangarilarni, shu jumladan Suriyadan tashqarida operatsiyalar o‘tkazishga urinayotganlarni faol ravishda ta’qib qilamiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
ISHID — (Iroq va Shom Islom davlati) tashkilotning dastlabki nomi, keyinchalik “Islom davlati” deb qisqartirilgan. ISHID va uning dunyo bo‘ylab turli mamlakatlardagi hujayralari AQSHda terroristik tashkilot sifatida e’tirof etilgan.
Bu hafta CENTCOM allaqachon AQSH qo‘shinlarining Suriyadagi zarbalari haqida ma’lumot bergan edi. Qo‘mondonlik ISHID lagerlariga yuqori aniqlikdagi havo zarbalari berilganini, buning oqibatida 12 jangari halok bo‘lganini aytgan.
Avvalroq AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Jon Fayner, AQSH qo‘shinlari ISHID jangarilarini yo‘q qilishga qaratilgan terrorchilikka qarshi kurash missiyasi doirasida Bashar Asad rejimi qulagandan keyin ham Suriyada qolishini ma’lum qilgan edi.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)