AQSH armiyasi Suriyada Eronning Islom inqilobi korpusiga aloqador kuchlarga qarshi yuqori aniqlikda aviazarbalar yo‘lladi. Tegishli buyruq AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin tomonidan prezident Jo Baydenning topshirig‘iga binoan berilgan, deyiladi Pentagon saytidagi xabarda.
Pentagonning tushuntirishicha, aviazarbalar 23-mart kuni ertalab Suriya shimoli-sharqidagi AQSH bazasiga qilingan dron hujumiga javob bo‘ldi. Hujumda bir nafar amerikalik askar halok bo‘lgan, besh nafari yaralangan. AQSH razvedkasi dron Eronda ishlab chiqarilgan degan xulosaga kelgan.
“Prezident Bayden aniq qilib taʼkidlaganidek, biz xalqimizni himoya qilish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘ramiz va har doim, istalgan vaqtda, xohlagan joyda javob qaytaramiz. Hech bir guruhning qo‘shinlarimizga zarbasi jazosiz qolmaydi”, — dedi Ostin.
Suriya prezidenti Bashar al-Asad AQSH harbiylari mamlakatni tark etishi kerakligini aytdi. “Bu bizning yerimiz, uni ozod qilish bizning huquq va burchimizdir. Amerikaliklar esa ketishi kerak, ertami-kechmi shunday bo‘ladi”, — dedi u. Xuddi shunday talabni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy ham bildirgan.
Bunga javoban Pentagon AQSH harbiylariga har qanday hujum “yomon qaror” bo‘lishidan ogohlantirdi va buni barcha manfaatdor tomonlar tushunishi kerakligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, AQSH harbiy kontingenti Suriyada terrorchi guruhlar, xususan ISHID jangarilariga qarshi kurashda homiylik qilib, bu borada kurdlarning “O‘zini o‘zi mudofaa qilish ortryadi”ni qo‘llab-quvvatlaydi. AQSH rasmiylari terrorchi tashkilot a’zolari yo‘q qilingani haqida bir necha bor xabar bergan.
Izoh (0)