Shimoliy Koreya Rossiyaga 28 mingta konteynerda qurol va artilleriya snaryadlari yetkazib bergani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib Yonhap xabar berdi.

KXDR Rossiya armiyasiga 152 millimetrli kalibrdagi 12 milliondan ortiq o‘q-dori yuborgan. Bundan tashqari, 2024-yil oktyabr oyidan beri 13 mingga yaqin harbiy jo‘natgan. Ular Rossiya armiyasiga Ukraina qo‘shinlarini Kursk viloyatidan siqib chiqarishga yordam bergan.
Shimoliy Koreyaning Ukrainaga qarshi urushdagi ishtiroki allaqachon mamlakat iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan, deydi Janubiy Koreyaning KIDA tahlil markazi.
Taxminlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiya qo‘shinlarini zarur o‘q-dorilarning kamida yarmi bilan ta’minlamoqda. G‘arb razvedkasi Rossiyaning 2024-yildagi o‘q-dori ishlab chiqarish hajmini 2–2,3 million dona atrofida deb baholagan.
KXDR uzoq masofali artilleriya qurollari, yalpi o‘t ochish tizimlari, minomyotlar va ballistik raketalar yetkazib bergan. Ukraina razvedkasiga ko‘ra, Rossiyaga 120 ta “Koksan” o‘ziyurar artilleriya qurilmasi, 120 ta reaktiv o‘t ochish tizimi va 148 ta KN-23 hamda KN-24 (“Xvason”) ballistik raketalari yuborilgan.
Iyun oyida Shimoliy Koreya “Rossiyaga yetkazib berish” uchun o‘z tarixidagi eng yirik harbiy zavodni qura boshladi. U Xichxon tumanida faoliyat yuritayotgan mudofaa korxonasi yonida qurilmoqda.
Izoh (0)