Titanik o‘lchamidagi ulkan aysberg Grenlandiyaning Inaarsuit qishlog‘iga xavfli darajada yaqinlashdi. Bu haqda New York Post xabar berdi.

Muz massasi bir necha kundan buyon qishloq tomon siljib bormoqda. Mahalliy hokimiyat aholini ogohlantirgan va ehtiyot chorasi sifatida baliq zavodi hamda do‘konni vaqtincha yopgan.
Agar muz bo‘lagi qirg‘oqqa urilsa yoki parchalansa, kuchli to‘lqinlarga sabab bo‘lib, binolarga zarar yetkazishi mumkin. To‘lqinlar past joylashgan yoki allaqachon zarar ko‘rgan uylarni butunlay yuvib ketishi mumkin, dedi orolning rasmiy vakillari.
Mahalliy rasmiylar aholiga qayiqda orolga borish yoki undan qaytishda aysbergga yaqinlashmaslikni, hattoki kundalik ishlar vaqtida ham hushyor bo‘lishni tavsiya qilgan.
Aysbergning balandligi 100 metrdan, og‘irligi esa taxminan 12 million tonnadan oshadi. Uni birinchi marta bir hafta oldin payqashgan. Avvaliga oqim aysbergni boshqa tomonga olib ketgan, biroq hafta boshida u yana qaytib kelgan.
Favqulodda holat e’lon qilingach, qishloqning bir qismi evakuatsiya qilingan. 2018-yilda ham Inaarsuit qishlog‘iga ulkan aysberg yaqinlashgan edi. O‘shanda ham aholi xavfsizlik nuqtayi nazaridan evakuatsiya qilingan, ammo aysberg talafot yetkazmay suzib ketgan edi.
Izoh (0)