AQSHning Kaliforniya shtatida 6,7 magnitudali zilzila sodir bo‘lishi mumkin. Bunga ilgari “uxlab yotgan” Konkord yorig‘ining faollashuvi sabab bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda AQSH Geologik xizmati olimlariga tayanib San Francisco Chronicle nashri xabar berdi.

Geologlarning ma’lumotiga ko‘ra, Konkord yorig‘i ilgari joylashgan nuqtasidan 400 metrga siljigan. Bu holat San Fransiskoning sharqiy qismidagi turar joylar va maktablar uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Mahalliy aholi yer qatlamining harakatiga o‘zlari guvoh bo‘lmoqda. Ayrim joylarda yer yuzasining siljishi sabab suv ta’minotida muammolar yuzaga kelgan. Asfalt yo‘llarda esa notekisliklar qayd etilgan.
Shunga qaramay, yoriqning faollashuvi aholiga qanchalik xavf tug‘dirishi hozircha aniq emas.
Biz sudraluvchi yoriq qanchalik chuqurda ekanini bilmaymiz, shu bois seysmik xavf darajasi hozircha noaniq bo‘lib qolmoqda, dedi geolog Roland Burgmann.
2024-yil 5-dekabrda AQSHning Kaliforniya shtati yaqinidagi Cape Mendocino hududida 7 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Zilzila okean tubida yuz bergan bo‘lsa-da, u yaqin atrofdagi hududlarda sezilarli tebranishlarga sabab bo‘lgan. Bu AQSHda 2024-yilda qayd etilgan eng kuchli zilzilalardan biri hisoblanadi.
Izoh (0)