Fransiyada Yangi Kaledoniya deb nomlangan yangi davlat tuzish to‘g‘risida bitim imzolandi. Hujjat dengizorti hududining maxsus maqomini belgilaydi. Bu haqda Politico xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bitim arxipelagning siyosiy harakatlari vakillari hamda Fransiya rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida Parij yaqinidagi Bujival shahrida imzolangan. Kelishuv imzolanganini Yangi Kaledoniya kelajagini muhokama qilayotgan raqobatchi siyosiy harakatlar e’lon qilgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron X ijtimoiy tarmog‘ida Fransiya dengizorti hududining institutsional tuzilishi bo‘yicha “tarixiy” kelishuv imzolanganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, Yangi Kaledoniyaning saylangan vakillari ishtirokidagi muzokaralar o‘n kun davom etgan.
Fransiya bosh vaziri Fransua Bayru o‘z navbatida kelishuvni olqishlab, bu Fransiya Konstitutsiyasida mustahkamlanishini ta’kidlagan.

Ma’lum bo‘lishicha, hujjat qisman Fransiyaga qaram bo‘lgan yangi davlatni tashkil etishni nazarda tutadi. Yangi Kaledoniya aholisi alohida fuqarolikka va shu bois ikkita pasportga ega bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bundan tashqari, yangi davlatga o‘z xalqaro siyosatini yuritish vakolati berilishi mumkin.
Biroq hujjat kuchga kirishidan oldin uni Fransiya parlamenti ma’qullashi lozim. Shundan so‘ng tegishli referendum Yangi Kaledoniyada o‘tkaziladi.
Ta’kidlanishicha, siyosiy guruhlarning bir qismi Yangi Kaledoniya mustaqilligini qo‘llab-quvvatlagan, boshqa qismi esa bunga qarshi chiqqan. Pirovardida ular murosa yo‘lini topib, muxtoriyat maqomida kelishishga erishgan.
Yangi Kaledoniya 1853-yildan buyon Fransiya hududi hisoblanadi. Bir asrdan ortiq vaqt o‘tgach, 1957-yilda barcha mahalliy xalq — kanaklarga Fransiya fuqaroligi berilgan. 2018—2021-yillarda orollarda uchta referendum o‘tkazildi. Unda aholining ko‘pchiligi Fransiya tarkibida qolishga qaror qildi. So‘nggi referendumni mahalliy aholi avlodlari boykot qildi.
2024-yil may oyida Yangi Kaledoniyada orollarda yashovchi fransuzlarning saylov huquqlarini kengaytiruvchi qonun loyihasi bo‘yicha norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Hujjatga qarshi chiqqanlar uni mahalliy aholining saylov imkoniyatlarini zaiflashtirishi va Parijning ta’sirini kuchaytirishi mumkin deb hisobladilar.
Orollardagi namoyishlar tartibsizliklar, talonchinlik va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Bir necha kishi halok bo‘ldi, 300 dan ortiq kishi jarohat oldi. Fransiya hukumati qurolli kuchlarni jalb qildi, favqulodda holat rejimi joriy etildi. Makron shaxsan o‘zi Yangi Kaledoniyaga tashrif buyurdi.
Izoh (0)