Buyuk Britaniyadagi eng mashhur “Robin Gud” daraxtini kesib tashlagan ikki erkakka hukm o‘qildi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.

Daraxt 1991-yilda “Robin Gud: o‘g‘rilar shahzodasi” filmida namoyon bo‘lgach, mashhurlikka erishgandi. Ekspertlar uning narxini 458 ming funt sterling yoki taxminan 613 ming dollarga baholagan. 39 yoshli Deniel Grem va 32 yoshli Adam Karruters daraxtni 2023-yilda kesib tashlagan. Nyukasl qirollik sudi ikkita ayblov bo‘yicha erkaklarni 4 yil-u uch oy qamoq jazosiga hukm qilgan. Ular daraxtni kesish va devorga shikast yetkazishda ayblangan. Devor YUNESKO obyekti bo‘lgan Adrian devori qoldiqlari hisoblangan.
Ayblanuvchilarning ishi bir yildan ortiq vaqt davomida ko‘rib chiqilgan, ammo rasmiylar ularning xatti-harakatlari sababini aniqlay olmagan. Hukmni e’lon qilish paytida Karrutersning advokati birinchi marta sababni aniqlashga harakat qilgan.
Odamlar u nega bunday o‘ylamay sodir etilgan ishni qildi?, deb so‘rayapti. Afsuski, bu shunchaki mast holatda sodir etilgan ahmoqlik edi. Boshqa hech qanday tushuntirish yo‘q, dedi u.
Biroq Buyuk Britaniya Oliy sudi sudyasi Kristina Lambert bunga qo‘shilmagan. U har ikki ayblanuvchiga eng og‘ir toifadagi jazo tayinlanganini aytib, daraxtning “o‘ldirilishi” jamiyatga salbiy ta’siri ko‘rsatganini aytdi.
Prokurorning ta’kidlashicha, daraxtni kesish “yuqori darajadagi rejalashtirishni” talab qilgan, sudya buni tasdiqlagan. Guvohlarning ko‘rsatmalari shuni ko‘rsatadiki, kesish “professional ravishda amalga oshirilgan”. Ular katta daraxt tanasini arralash uchun uzun tig‘li motorli arrani o‘zlari bilan olib kelgan. Bundan tashqari, ular mo‘ljallangan kesish joyini belgilash uchun bo‘yoq spreyidan foydalangan.
Gremning advokati Kristofer Noks esa mijozi mast holatda bo‘lmaganini aytgan. Uning aytishicha, Grem “hayotida jiddiy muammolarga duch kelgan, muammolarning barchasini ham o‘zi yuzaga keltirmagan”.
Izoh (0)