Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Donald Tramp ma’muriyati bilan bitim tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Unga ko‘ra, AQSH Ukraina dronlarini sotib oladi, Kiyev esa Amerika qurollarini xarid qiladi. Bu haqda Zelenskiy The New York Post gazetasiga bergan intervyusida ma’lumotni tasdiqlagan.

“Zelenskiyning ta’kidlashicha, uning Tramp bilan so‘nggi muzokaralari AQSH va Ukrainaga havo texnologiyalarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash imkonini beradigan muhim kelishuvga qaratilgan. Kiyev Rossiya bilan uch yillik mojaroda zamonaviy urush haqida o‘rgangan barcha ma’lumotlarini almashishni taklif etgan”, deya xabar qilinmoqda nashrda.
Ukraina prezidenti Rossiya Federatsiyasining strategik aviatsiyasiga tarixdagi eng yirik zarba bergan “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasida ishlatilgan Ukraina dronlari haqida gapirar ekan, dronlar Amerika xalqi uchun zarurligini bildirgan.
“Amerika xalqiga bu texnologiya zarur va uni o‘z arsenalingizda saqlashingiz lozim”, deya ta’kidladi Zelenskiy.
Nashr suhbatlashgan rasmiylar va ekspertlar AQSH texnologiyalari Rossiya va Xitoynikidan ancha orqada qolayotgani, amerikalik harbiylar esa dronlardan foydalanish yoki raqiblar ishlab chiqarayotgan qurilmalardan himoyalanishga yetarli darajada tayyorlanmagani haqida ogohlantirgan.
Ukraina rahbari dronlar Rossiyaning keng ko‘lamli bosqiniga qarshi turishda asosiy vosita ekanligini ta’kidlagan.
“Menimcha, bu haqiqatan ham ulkan bitim, aytganlaridek, “win-win” — hamma uchun foydali. Biz bu tajribani Amerika va boshqa yevropalik hamkorlar bilan baham ko‘rishga tayyor bo‘lamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, dronlarni sotib olish o‘yicha Daniya, Norvegiya va Germaniya bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.
Izoh (0)