Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bosh vazir Denis Shmigalga mamlakat Mudofaa vazirligini boshqarishni taklif qildi. Bu haqda u 14-iyul, dushanba kuni kechqurun o‘zining Telegram kanalida ma’lum qilgan.

“Denis Shmigalning ulkan tajribasi, albatta, Ukraina mudofaa vaziri lavozimida foydali bo‘ladi. Chunki hozir aynan shu sohada mamlakatning eng katta resurslari, eng ko‘p vazifalar va juda katta mas’uliyat jamlangan”, dedi Zelenskiy hukumatdagi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlarga izoh berar ekan.
U, shuningdek, Oliy Rada Ukraina hukumatining yangi tarkibini qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi hamda kabinet tez orada Kiyev hamkorlari bilan tuzilgan barcha kelishuvlarning “auditi”ni o‘tkazishi, qaysilari ishlayotgani, qaysilari qayta ko‘rib chiqilishi yoki faollashtirilishi kerakligini aniqlashi lozimligini qo‘shimcha qildi.
Hozirda Ukraina Mudofaa vazirligini Rustem Umerov boshqaradi. 10-iyul kuni Vladimir Zelenskiy matbuot anjumanida Umerov mamlakatning AQSHdagi elchisi etib tayinlanishi mumkinligini aytgan edi.
Ukraina bosh vaziri kim bo‘ladi?
Zelenskiy, shuningdek, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va mamlakat iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoga Ukraina bosh vaziri lavozimini taklif qilganini ma’lum qildi.
“Yuliya Sviridenkoga Ukraina hukumatini boshqarishni va uning ishini sezilarli darajada yangilashni taklif qildim. Yangi hukumat dasturi tez orada taqdim etilishini kutyapman”, deb yozdi Zelenskiy. U bu qadamni “Ukrainada ijro hokimiyati tizimini yangilash” sari tashlangan muhim qadam deb atadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan Sviridenko AQSH bilan resurslar bo‘yicha kelishuv yuzasidan muzokaralarni olib borgan va uni 2025-yil aprelida Ukraina nomidan imzolagan.
“Ukrainskaya pravda” nashrining manbalariga ko‘ra, eski hukumatni iste’foga chiqarish 16-iyulga rejalashtirilgan. Bir kun o‘tib Oliy Rada yangi Vazirlar Mahkamasini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Izoh (0)