Nepal hukumati internetdagi firibgarliklar soni ortgani bois Telegram messenjeriga kirishni cheklash yoki to‘sishni buyurdi. Bu haqda mamlakat Telekommunikatsiyalar boshqarmasi rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.

Nepal idorasining xabarnomasiga ko‘ra, mamlakatda onlayn jinoyatchilik izchil ravishda o‘sib bormoqda. Bunda jinoyatchilar ko‘pincha Telegram’dan noqonuniy xatti-harakatlar, jumladan, pul yuvish uchun foydalanmoqda.
“Shu sababli barcha telekommunikatsiya xizmati ko‘rsatuvchi provayderlarga Telegram ilovasiga kirishni darhol cheklash yoki to‘sish ko‘rsatmasi berildi”, deyiladi xabarda.
Nepal ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni ilk bor cheklayotgani yo‘q. 2023-yil noyabr oyida TikTok bloklangan, ammo keyinchalik bu taqiq bekor qilingan edi.
Nepal xavfsizlik nuqtai nazaridan messenjerga kirishni cheklagan yagona davlat emas. Ilgari josuslik xavfi tufayli Ukrainadagi amaldorlar va harbiylar, Shveysariyadagi harbiy xizmatchilar, shuningdek, Erondagi amaldorlarga Telegramdan foydalanish taqiqlangan edi.
Iyul oyi boshida Turkiyada milliarder Ilon Maskning xAI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Grok sun’iy intellektli chat-botiga kirish bloklandi.
Izoh (0)