Ukraina delegatsiyasi 2-iyun kuni Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya tomoniga 500 dan ortiq familiyalarni o‘z ichiga olgan qidiruvdagi bolalar ro‘yxatini topshirdi. Bu haqda ukrainalik bolalarni Rossiya hududiga ko‘chirish bo‘yicha tergovga yaqin manba “Verstka” nashriga xabar berdi.

Ro‘yxatda 2022-yil kuzida Xerson viloyatidagi bolalar uyidan Qrimga olib ketilgan 50 ga yaqin bola mavjud. Shu bolalar ichida “Adolatli Rossiya” partiyasi rahbari rahbari Sergey Mironovning rafiqasi Inna Varlamova tomonidan olib ketilgan Ilya Vashchenko va Margarita Prokopenko ham bor.
Oila 10 oylik deportatsiya qilingan qizni farzandlikka olgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Ukraina ro‘yxatida Rossiya Qurolli kuchlari shaharni egallab olganidan so‘ng yopilgan “Oleshki” maxsus bolalar internat uyi tarbiyalanuvchilari ham mavjud.
Ro‘yxat Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotlari, vasiylik organlari, politsiya va ombudsman idorasi ma’lumotlari asosida tuzilgan. Bolalarni deportatsiya qilish faktlari ko‘p hollarda faqat jinoiy ishlarni tergov qilish jarayonida aniqlangan.
Ro‘yxatdagi bolalarning barchasi aniq deportatsiya qilingan va deyarli barchasining Ukrainada qarindoshlari bor. Shu sababli Rossiya ularni vataniga qaytarishga majbur, dedi The Reckoning loyihasining harbiy jinoyatlar bo‘yicha katta hujjatchisi Viktoriya Novikova.
2023-yilda Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergandi. Ular Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish va Rossiya hududiga noqonuniy ko‘chirishda ayblanmoqda. Jinoyatlar, sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil 24-fevraldan beri sodir etilgan. Kreml bunga javoban Rossiya Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmasligini aytgan. O‘sha paytda AQSH prezidenti bo‘lgan Jo Bayden XJS qarori asosli ekanini bildirgandi.
Izoh (0)