Kipr hukumati G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyatni yumshatish maqsadida Amalthea rejasi doirasida sektorga 1 200 tonna yordam jo‘natganini ma’lum qildi. Bu haqda Greek City Times xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yuk UN-2720 va UNOPS mexanizmi orqali muvofiqlashtirilib, BMT nazorati ostida World Central Kitchen xalqaro gumanitar tashkiloti tomonidan tarqatiladi. Yordam Ashdod porti orqali G‘azo sektoriga qo‘shimcha xavfsizlik tekshiruvlarisiz yetkazib beriladi.
Jo‘natmaning 700 tonnasi Kiprdan (Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi CyprusAid dasturi orqali), qolgan 500 tonnasi esa Malta, AQSH va Italiyadagi xalqaro tashkilotlar, Malta ordeni hamda Kuvayt hissasiga to‘g‘ri keladi. Birlashgan Arab Amirliklari ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan asosiy hamkorlardan biri sifatida tilga olinmoqda.
Kipr tashqi ishlar vaziri Konstantinos Kombos sektordagi vaziyatni “nihoyatda og‘ir” deya ta’riflab, barcha davlatlar hamda tashkilotlarga minnatdorlik bildirgan. Unga ko‘ra, Kiprning infratuzilmalari xalqaro hamjamiyat uchun qo‘shimcha gumanitar yo‘lak sifatida ochiq.
Xalqaro tashkilotlar 2024-yili Kipr orqali G‘azoga 22 ming tonna gumanitar yordam yuborgandi. Bu yuklar AQSH harbiylari tomonidan boshqariladigan Joint Logistics Over-the-Shore platformasi hamda World Central Kitchen boshqaruvidagi vaqtinchalik pristan (suv inshooti) orqali yetkazilgan edi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda davom etayotgan urush oqibatida 2 milliondan ortiq aholi oziq-ovqat, dori-darmon va toza ichimlik suviga muhtoj.
Izoh (0)