Farg‘ona viloyatiga qo‘shimcha 24 dona Yutong avtobusi olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yanada oshirish, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shahar jamoat transporti tizimini takomillashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Hududda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar harakat tarkibini yangilash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “Farg‘onaavtotrans xizmat” MCHJ tomonidan Xitoy davlatidan yana qo‘shimcha 24 dona Yutong avtobuslari xarid qilindi.
Mazkur avtobuslar tez orada Farg‘ona shahri avtobus yo‘nalishlarida brutto-shartnoma asosida aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Bugungi kunda Farg‘ona shahridagi 6 ta yo‘nalishda 72 ta avtobus brutto-shartnoma asosida aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
So‘nggi oylarda hududlarga olib kelingan avtobuslar
May oyida Buxoroga Xitoydan 24 dona Zhongtong avtobusi xarid qilindi. Yana 12 ta shunday avtobus iyun yakuniga qadar yetib keladi. Urganch shahriga Xitoydan 30 dona Zong Tong rusumli zamonaviy avtobus olib kelindi. Mart oyida Xitoyning Zhongtong Bus kompaniyasida ishlab chiqarilgan 30 ta zamonaviy avtobus Namanganga yetib keldi. Angrenga 15 ta Yutong avtobusi olib kelindi.
Transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov Xitoyning Eksport-import banki boshqaruv raisi Chen Xuayyuy boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashgan edi. Tomonlar 200 ta elektrobus sotib olish bo‘yicha qarz shartnomasini kelishish va imzolashni tezlashtirish masalasi muhokama qilingan. Shuningdek, qo‘shimcha 1000 ta avtobus sotib olish bo‘yicha loyiha yuzasidan ham fikr almashilgan.
Bundan tashqari, Xitoy kompaniyasi Qoraqalpog‘iston jamoat transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)