Ko‘pchilik “Senimi, shoshmay tur!” multfilmi sovet dekoratsiyalari fonida bo‘ri bilan quyonning beozor quvlashmachoq o‘yinidan iborat ajoyib multfilm deb hisoblaydi. Ammo unga boshqa tomondan qaralsa-chi?
Ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan bir nazariyaga ko‘ra, “Senimi, shoshmay tur!” multfilmida odamlar yo‘q. Shaharlar, ko‘chalar, qahvaxonalar, plyajlar - barchasi aqlli antropomorf hayvonlar bilan to‘lgan. Ammo arxitektura, transport, texnika — barchasi aniq insonlarga xos o‘lchamlarda. Lekin eng dahshatlisi bu emas.
Seriyalarning birida qahramonlar muzeyga tushib qolganida, jangchilarning manekenlari inson qiyofasida yasalganini ko‘ramiz. Demak, bu olamda odamlar mavjud bo‘lgan... ammo yo‘qolib ketgan.
Nazariyaga ko‘ra, buning yagona izohi: odamlar biologik qurol ta’sirida butunlay qirilib ketgan. Vayron bo‘lgan binolar, yonib kul bo‘lgan ko‘chalar yoki yadro urushining izlari ko‘rinmaydi - hamma narsa but, go‘yo sivilizatsiya bir zumda g‘oyib bo‘lib, shaharlar bo‘m-bo‘sh qolgandek. Aqlli hayvonlar esa ularning o‘rnini egallab, turmush tarzi, kiyim-kechak, transportni o‘zlashtirib olgan va xuddi shunday bo‘lishi kerakdek hayot kechirishmoqda.
Shu nuqtai nazardan, mazkur multfilm beg‘ubor bolalar hikoyasi emas, balki sayyoraviy fojia yakuni haqidagi multfilmdir. Qahramonlar bir-birlarini quvlashadi, kulishadi, sohilda dam olishadi, ammo ularning oyoqlari ostidagi yer o‘zlaridan oldin yashab, bir lahzada halok bo‘lganlarning kuli bilan to‘yingan. Ular o‘tmishdagi fojia izlarini bosib yurganlarini bilmay, bir-birini quvlashda davom etadi.
Izoh (0)