Hindistonning shimoliy Himachal Pradesh shtatida ikki oy davomida yuz bergan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 240 kishi halok bo‘ldi. Bu ma’lumotni shtatning tabiiy ofatlarga qarshi kurashish boshqarmasi e’lon qildi.

“Musson tufayli halok bo‘lganlarning umumiy soni 240 kishini tashkil etdi. Shundan 125 kishi ko‘chki, to‘satdan suv toshqini va jala kabi yomg‘ir bilan bog‘liq hodisalar natijasida, 115 kishi esa yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘ldi”, deya ta’kidlaydi boshqarma.
Ta’kidlanishicha, ikkita milliy avtomagistral yopilgani sababli tog‘li hududlar bilan muhim aloqa uzilgan. Mintaqada elektr va suv ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.
Shtat bo‘ylab ko‘plab ko‘chkilarni kuzatish stansiyalari hozirda ishlamayotgani davom etayotgan musson mavsumida o‘z vaqtida ogohlantirish va tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rish borasida xavotir uyg‘otmoqda
Himachal Pradesh shtatida yomg‘irlar mavsumi iyun oyining oxiridan sentyabrgacha davom etadi. Shu davr mobaynida u yerda yillik yog‘ingarchilik me’yorining asosiy qismi yog‘adi
Bundan avval Hindistonning Uttarkand shtatida 5-avgust kuni kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan sel kamida 4 kishining hayotiga zomin bo‘lgani va suv yo‘lidagi ko‘plab uylarni yuvib ketgani xabar qilingandi.
Pokistonda musson yomg‘irlari mavsumi boshlangan iyun oyi oxiridan buyon kuchli jala va u keltirib chiqargan hodisalar oqibatida kamida 279 kishi halok bo‘lgan va 676 kishi jarohatlangandi.
Avstraliyaning janubi-sharqida yog‘gan yomg‘ir qisqa muddatli toshqinlarni keltirib chiqargan, ko‘plab shaharlarni tashqi dunyodan uzib qo’ygan va aholi uy tomlarida jon saqlayotgani xabar qilingandi.
May oyi boshida Kongo Demokratik Respublikasida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida esa 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Izoh (0)