Ukraina Rossiya tomoniga avgust oyining oxirigacha Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Donald Tramp ishtirokida ikkala davlat rahbarlari uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov ma’lum qildi.

23-iyul kuni Istanbuldagi Chаrog‘on saroyida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘liq tarkibli to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning uchinchi bosqichi o‘tkazildi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan muzokaralar boshlanishidan avval so‘zlagan nutqida Anqara Rossiya-Ukraina mojarosini hal etish bo‘yicha muzokaralarning muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid bildirdi hamda tinchlik o‘rnatish va asirlarni ayirboshlash masalalarida har tomonlama ko‘maklashishini ta’kidlagan.
Shundan so‘ng yopiq tartibda ikki tomonlama muzokaralar olib borilgan. Muzokaralar bir soatdan kamroq vaqt davom etgan. Bunda tomonlar nafaqat harbiylar, balki fuqarolar bilan ham almashinish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi, delegatsiya rahbari Rustem Umerovning ma’lum qilishicha, Ukraina Rossiya tomoniga avgust oyining oxirigacha Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Donald Tramp ishtirokida ikkala davlat rahbarlari uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilgan.
“Ukraina samarali diplomatiyaning zaruriy asosi sifatida to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishni davom ettirmoqda”, dedi Umerov.
Uning aytishicha, Ukraina o‘t ochishni to‘xtatishga va tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyor.
“Biz o‘t ochishni to‘xtatish haqiqiy bo‘lishi kerakligini ta’kidlaymiz. Bu fuqarolik obyektlari va muhim infratuzilma inshootlariga hujumlarni butunlay to‘xtatishni o‘z ichiga olishi shart”, deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya Federatsiyasi prezidenti maslahatchisi Vladimir Medinskiyning ma`lum qilishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasida har ikki tomondan 1200 ga yaqin kishi almashinuvi amalga oshirilishiga kelishib olingan.

Uning aytishicha, Rossiya Ukraina tomoniga Ukraina Qurolli Kuchlari harbiylarining yana 3 ming jasadini topshirishni ham taklif etgan.
“Rossiya Federatsiyasi va Ukraina ayni paytda har ikki tomondan 250 nafardan harbiy asirni almashinishni yakunlamoqda”, deydi Medinskiy.
Rossiya muzokaralar guruhi rahbari ta`kidlashicha, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari memorandumlarni uzoq vaqt muhokama qilishgan, biroq tomonlarning nuqtai nazarlari hali ham bir-biridan ancha uzoq.
“Rossiya kelishuvlarning 101 ta bandi to‘liq bajarilmaganini ta’kidladi. Rossiya va Ukrainaning memorandumlar bo‘yicha pozitsiyalari hamon bir-biridan ancha uzoq”, deya qayd etdi u.
Shunga qaramay Medinskiyning aytishicha, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina memorandumlarni muhokama qilish uchun muloqotni davom ettiradi.
Bundan avval Istanbulda 16-may va 2-iyun kunlari Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralarining dastlabki ikki raundi bo‘lib o‘tgandi. Birinchi uchrashuv asirlarni almashish (1000 ga 1000) va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha takliflar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlar bilan yakunlandi. Muzokaralarning ikkinchi raundi esa memorandumlar almashinuvi va harbiy asirlar almashinuvi bo‘yicha yangi kelishuvga erishilgandi.
Izoh (0)