Ijtimoiy tarmoqlarda ayol bolalar maydonchasida voyaga yetmagan bolani urgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 28-aprel kuni taxminan soat 16:00 larda Olmazor tumani, “Shifokorlar” mahallasi hududidagi ko‘p qavatli uylar oldida sodir bo‘lgan. 1989-yilda tug‘ilgan M.A. bolalar maydonchasida uning farzandi bilan tortishib qolgan voyaga yetmagan K.M.ni urgani aniqlangan.
Natijada jabrlanuvchi shifoxonaga murojaat qilgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati deb baholangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilib, sud tomonidan jarima jazosi tayinlangan.
Kuni kecha Toshkent viloyatida 7 yoshli bola onasi va o‘gay otasi tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgandi.
2025-yil boshlarida Toshkent viloyatida onasi tomonidan kaltaklangan 4 yoshli qiz vafot etgandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayol qamoqqa olingan. 27-yanvar kuni Toshkent viloyatida qaynona-kelin janjali sabab chaqaloq kuyib qolgandi. Olmaliqda ayol shirinliklarni ruxsatsiz yegan bolasining tana a’zolariga paxta tiqib, yoqqani haqida ham xabar berilgandi.
2024-yil 14-noyabrda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandi. Qonun 2025-yil 15-maydan kuchga kiradi. Unda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha umumiy va individual chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Izoh (0)