Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduning istagiga ko‘ra “Liverpul” futbolchisi Luis Diasni transfer qilishga harakat qilmoqda. Bu haqda Ispaniyaning Sport.es nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Ronaldu kolumbiyalik futbolchini Riyod klubining hujum chizig‘ida ko‘rishni istamoqda. U Diasning raqib himoyasini yorib o‘tish, aniq pas berish va xavfli vaziyatlar yaratish qobiliyatini yuqori baholaydi. “An-Nassr” bu transfer uchun “Liverpul” belgilagan 100 million yevro miqdoridagi mablag‘ni to‘lashga tayyor.
Avvalroq, Germaniyaning “Bavariya” klubi Luis Dias uchun 67,4 million yevrolik rasmiy taklif yuborgan edi. Biroq “Liverpul” bu taklifni rad etdi. Shuningdek, “Barselona” ham futbolchining atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Ma’lumot uchun, 27 yoshli Luis Dias o‘tgan mavsumda barcha musobaqalar doirasida 50 ta o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning “Liverpul” bilan shartnomasi 2027-yil yozigacha amal qiladi.
Izoh (0)