O‘zbekistonda aholi tomonidan dollar oldi-sotdisi hajmi o‘sishda davom etmoqda. Bu haqdagi maʼlumotlar Markaziy bank eʼlon qilgan navbatdagi statistik byulletenda qayd etilgan.

2025-yil I choragida banklar aholidan qariyb 4 mlrd dollar sotib olgan bo‘lsa, fuqarolarga 2,4 mlrd dollar sotgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilning dastlabki uch oyida banklar tomonidan 3,1 mlrd dollar xaridi, 2,1 mlrd dollar sotuvi amalga oshirilgan.
Avvalgi yillarda bu ko‘rsatkich sezilarli past bo‘lgan. Masalan, 2021-yil yanvar-mart oylarida aholidan 1,5 mlrd dollar xarid qilingan bo‘lsa, mijozlarga 1 mlrd dollar sotilgan. 2022-yil ilk choragida sotib olish hajmi 2,1 mlrd, sotish esa 1,7 mlrd dollar, 2023-yil uch oyida xarid 2,4 mlrd, sotuv ko‘rsatkichi 2,1 mlrd dollar bo‘lgan.
Mamlakatda dollar eng ko‘p oldi-sotdi qilinadigan valyuta bo‘lib qolmoqda. 2024-yilda banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasining umumiy hajmi
2023-yilga nisbatan 19 foizga (4 mlrd dollar) ko‘payib, 25,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 16,1 mlrd dollar miqdoridagi yoki 2023-yilga nisbatan 31 foizga ko‘p (2023-yilda 12,3 mlrd dollar) chet el valyutasi sotilgan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan banklardan xarid qilingan chet el valyutasi hajmi 2023-yilga nisbatan 3 foizga o‘sib, 9,4 mlrd dollarga yetgan (2023-yilda 9,1 mlrd dollar). Natijada jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valyutasi hajmi sotib olingan chet el valyutasi hajmidan 6,7 mlrd dollarga ko‘p bo‘lib, ushbu ijobiy farq o‘z navbatida ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilgan.
Izoh (0)