Fransiyada prezident Emmanuel Makronning rafiqasi Brijit “aslida erkak bo‘lib tug‘ilgan” degan da’vosi uchun sudlangan jurnalist Natasha Rey oqlandi. Bu haqda Le Media xabar berdi.

Parij apellyatsiya sudining tegishli qarori haqida jurnalistning advokati Fransua Danglean ma‘lumot berdi.
Brijit va Jan-Mishel Trone (prezident rafiqasining qizlik familiyasi) ustidan g‘alaba: apellyatsiya sudi Natasha Reyni oqladi, u endi Brijit va Jan-Mishel Tronega qarshi sud jarayonidagi firibgarlik uchun xususiy ayblov qo‘yishni rejalashtirmoqda, deb yozdi advokat X ijtimoiy tarmog‘ida.
Voqea 2021-yil dekabr oyida o‘zini mustaqil jurnalist deb tanishtirgan Natasha Rey YouTube’ga video joylaganida boshlangan. Videoda u Brijit aslida Jan-Mishel ismli erkak ekanini ta’kidlagan. Video qisqa vaqt ichida virus kabi tarqalib, Fransiya ichida ham, xorijdagi ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilgan.
2024-yil mart oyida prezident Emmanuel Makron ushbu mish-mishlarga birinchi marta munosabat bildirib, prezidentlik faoliyatidagi eng og‘ir narsalardan biri — odamlar ishonadigan “soxta ma’lumot va to‘qima syujetlar” ekanini aytgan. Ular shaxsiy hayotga ham aralasha boshlaydi, degan edi Makron.
2024-yil sentyabr oyida Parij sudi tuhmat uchun ikki ayolga, shu jumladan Reyga 13,5 ming yevro jarima solgan. Keyinchalik yuqori sud instansiyasi bu qarorni tasdiqlagan edi.
Makronning rafiqasi “aslida erkak” ekani da‘vo qilingan boshqa holatlar ham bo‘lgan. Jumladan, amerikalik jurnalist Kendis Ouens Brijitning erkak jinsida tug‘ilgani haqidagi dalillarni e’lon qilishga va’da bergandi.
Jurnalistning ta’kidlashicha, Makron o‘zining o‘qituvchisi 39 yoshli Brijit bilan munosabatga kirishganida 15 yoshda bo‘lgan, ammo o‘qituvchining maktab yoki talabalik hayotidan hech qanday ma’lumot mavjud emas.
Ouens, shuningdek, 2024-yilning noyabr oyida fransuz jurnalisti Natasha Rey bilan suhbat o‘tkazganini ma’lum qildi, u Brijit Makron erkak bo‘lib tug‘ilganini va buning uchun sudlanganini aytgandi.
Izoh (0)