Fransiyaning birinchi xonimi Brijit Makron Netflix tomonidan suratga olinayotgan “Emili Parijda” serialining to‘rtinchi mavsumida ko‘rinish beradi, deb yozadi The Guardian.
Serialning yangi qismlari 12-sentyabr kuni efirga uzatiladi.
Qayd etilishicha, Makron loyiha mualliflarining “hech qanday ko‘rsatmalarisiz”, o‘z kiyimida suratga tushgan.
Serialda bosh rolni gavdalantirayotgan aktrisa Lili Kollinzning aytishicha, syomkaga Fransiya prezidentining rafiqasini taklif qilish g‘oyasi 2022-yilda muallif Darren Star va unda paydo bo‘lgan. O‘shanda ular Makron bilan Yelisey saroyida uchrashishgan.
“Makron xonim serialimizning ashaddiy muxlisasi va u birinchi mavsumda o‘zi haqidagi eslatmamizni yumor bilan qabul qildi. To‘rtinchi mavsumdagi ushbu sahna ajoyib, u bilan suratga tushish bir vaqtning o‘zida katta sharaf va haqiqiy quvonchli holatdir”, deydi Kollinz.
Avvalroq fransuzlar “Emili Parijda” serialining yangi qismlari suratga olinishiga qarshilik bildirgan edi. Poytaxt aholisiga syujet bo‘yicha bosh qahramon yashaydigan tumanga sayyohlar oqimining yopirilishi unchalik yoqmagan.
Umuman olganda, serial turlicha fikrlarga sabab bo‘lmoqda. Tomoshabinlarning aksariyati loyihani Fransiyaning stereotip manzarasini ko‘rsatib bergani uchun tanqid ostiga olishadi.
Izoh (0)