Ikkinchi darajali obrazni jonlantirish bu san’at. Ambitsiyali aktyorlar syujet markazida bo‘lmaslikni tan olib, obrazni yorqin va unutilmas qilib ko‘rsatishga harakat qilishadi. Tomoshabinning yodida qolish uchun esa ko‘p sahna shart emas — ba’zida bir nechtasi kifoya. Epizodik rollari orqali filmga jon bag‘ishlagan aktyorlar ko‘p. Ana shunday iste’dod egalari haqida so‘z boradi.

Ikkinchi darajali aktyorlar ham nufuzli mukofotlarga loyiq ko‘riladi, ammo ular haqida kam gapiriladi.
Stiv Bushemi

Ba’zida shunday tuyuladi: agar film unchalik yaxshi chiqmayotgan bo‘lsa, Stiv Bushemiga kichik rol berilsa kifoya — u hammasini qutqarib qoladi. Uning ishtiroki doimo tomoshabin uchun haqiqiy bayramdir. Shu sababli odamlar Bushemi ishtirok etgan filmlarni qayta-qayta tomosha qiladi.
O‘ziga xos tashqi ko‘rinishi, kuchli xarakterli rollari va biroz g‘alati yondashuvi tufayli u Gollivuddagi eng taniqli aktyorlardan biriga aylandi. Bushemi karyerasi davomida juda boy filmografiyaga ega bo‘ldi. U Kventin Tarantino, aka-uka Koenlar, Robert Rodriges va boshqa ko‘plab rejissyorlar bilan ishlagan.
Eng hayratlanarli tomoni shundaki, Bushemining asosiy rollari uncha ko‘p emas. U ko‘proq ikkinchi darajali obrazlar bilan esda qoladi. Ammo keng aktyorlik diapazoni unga ruhiy muammosi bor jinoyatchilardan tortib g‘alati va kulgili qahramonlargacha har xil rollarni birdek muvaffaqiyatli o‘ynash imkonini beradi. U hatto o‘z obrazlarining doim kaltak yeyishi yoki g‘ayrioddiy tarzda halok bo‘lishi bilan ham mashhur. Faqatgina “Fargo” filmidagi o‘lim sahnasini eslash kifoya.
Bushemining eng afsonaviy rollaridan biri bu “Katta Lebovski” filmidagi Donni obrazi. Ha, u filmda Jeff Brijes va Jon Gudman kabi ko‘p ko‘rinmaydi. Ammo Donnisiz bu hikoya mutlaqo boshqacha bo‘lar edi. Donni o‘zining g‘alati va hissiyotlarga boy do‘stlari fonida juda ajralib turadi. U qanday qilib bu guruhga qo‘shilgan — noma’lum. Unga ko‘pincha gapirishga ham imkon berishmaydi (Jon Gudmanning bu holatdagi replikalari ayniqsa kulgili), rejalar haqida ham aytishmaydi, lekin u do‘stlariga oxirigacha sodiq qoladi.
Jo Peshi

“Sen meni kulgili deb o‘ylayapsanmi?” bu ibora Martin Skorseze suratga olgan “Zo‘r bolalar” filmidan bo‘lib, Jo Peshining kino tarixidagi o‘rnini abadiylashtirgan. Uning qahramoni Tommi De Vito — xarizmatik psixopatni yaratish bo‘yicha chinakam darslik bo‘la oladi. Tommining so‘zlari hamon iqtibos qilib keltiriladi. Peshi bu roli uchun “Eng yaxshi ikkinchi darajali aktyor” nominatsiyasida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan.
Uzoq va muvaffaqiyatli faoliyatiga qaramay, Jo Peshi kamdan kam bosh rollarni ijro etgan. Masalan, “Kazino” (1995) filmida ham u yana Robert De Niro soyasida qolgan. Ammo bu uning ahamiyatini kamaytirmaydi. Aksincha, “Kazino” filmini Peshi obrazisiz tasavvur qilishning iloji yo‘q — Nikki Santoro filmning yuragi bo‘lgan.
Peshi ko‘plab gangster rollarini o‘ynagan aktyorlardan farqli ravishda, komedik rollarda ham juda kuchli. Masalan, “Uyda yolg‘iz” filmidagi o‘g‘ri obrazini eslang. Bir aktyorning ichida Tommi De Vito kabi dahshatli xarakter ham, Makoley Kalkin o‘ynagan bolakayning hiylalariga chuv tushadigan g‘o‘r jinoyatchi ham sig‘gani bu haqiqiy iste’dod belgisidir. Peshi bir lahzada dramatik kayfiyatdan komediyaga o‘tib ketardi. Unga uzoq monologlar kerak emasdi. U aytgan bitta oddiy gap ham afsonaga aylanishi mumkin edi — xuddi uning rollari kabi.
Stenli Tuchchi

Agar deyarli har qanday filmga mos keladigan bir “kostyum”ni tasavvur qilish mumkin bo‘lganida, u albatta Stenli Tuchchi bo‘lardi. U uchun elita murabbiy rolini ijro etish oson, yoqimli yovuz obraz esa muammo emas. Psixopat qotil rolini o‘ynash ham unga oson tuyuladi. Tuchchiga mos kelmaydigan obraz deyarli yo‘q.
Izoh (0)