Studio Gang arxitektura firmasi AQSHning Denver shahri markazida o‘zining so‘nggi loyihasi — 265 xonali noyob Populus mehmonxonasi qurilishini yakunladi. Binoning o‘ziga xosligi nafaqat qulay joylashuvi, zamonaviy jihozlari yoki qurilishga ekologik yondashuvida, balki yuzlab ko‘z bilan ko‘chalarni kuzatib turadigan fasadida ham namoyon bo‘ladi.


“Denver gavjum shahar va mamlakatning eng go‘zal tabiiy landshaftlariga olib boradigan darvoza o‘rtasidagi o‘ziga xos muvozanatni aks ettiradi. Bizning maqsadimiz shaharning o‘ziga xos xususiyatlaridan va boy ekologiyasidan foydalanib, bu gullab-yashnayotgan joyning qiyofasini belgilaydigan bino yaratish edi”.
Janna Gang
Studio Gang arxitektura firmasi asoschisi
Aytib o‘tilganidek, Populus mehmonxonasining ajralib turadigan xususiyati deraza vazifasini bajaradigan yuzlab qora ko‘zli fasaddir. Aslida, mualliflar shoxlar o‘sishi bilan paydo bo‘ladigan teraklardagi belgilardan ilhom olgan — shu sababli bino daraxt tanasini eslatadi. Shu bilan birga, har bir ko‘z o‘ziga xos — ichki xonalarga bog‘liq bo‘lgan bir nechta naqshlar mavjud.
Mehmonxonaning e’tiborga loyiq xususiyatlari bular bilan cheklanmaydi. Populus binosi Denverning ayni markazida joylashgan bo‘lib, mehmonxona derazasidan Kapitoliy, Sivik-sentr bog‘i va Qoyali tog‘lar manzaralari ko‘rinib turadi. Bundan tashqari, mehmonxonada shaxsiy fitnes markazi, ko‘p tarmoqli dam olish xonasi, tadbirlar uchun zallar va shahar manzarasi hamda Stellar Jay bar-restoraniga qaragan ochiq terrasa mavjud.

E’tiborli jihati shundaki, mehmonxona binosi ekologiyani e’tiborga olgan holda loyihalashtirilgan. Unda mehmonlarni boshqa transport turlaridan foydalanishga undash maqsadida avtomobillar uchun to‘xtash joylari yo‘q. Devorlarning o‘zi esa qurilish paytida ajralib chiqadigan uglerod miqdorini kamaytirish uchun kul qo‘shilgan betondan qurilgan. Yomg‘ir suvini chetlatadigan ko‘zsimon deraza shakli haqida aytmasa ham bo‘ladi.
Izoh (0)