Xalqaro astronomlar jamoasi Yerdan 3 milliard yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan va milliard yillar davomida o‘zgarishsiz “tosh qotgan” galaktikani kashf etdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Galaktika AQSHning Arizona shtatidagi “Katta binokulyar teleskop” yordamida aniqlangan. Unga KiDS J0842+0059 deya nom qo‘yilgan. Astronomlarning ta’kidlashicha, galaktika 7 milliard yil davomida o‘zgarishsiz “yashab kelmoqda”.

Boshqa galaktikalar kengayib, bir-biri bilan qo‘shilib ketsa-da, “tosh qotgan” galaktikalar deyarli harakatsiz bo‘ladi. Kashfiyot Yerdan taxminan 3 milliard yorug‘lik yili uzoqlikda bo‘lib, sayyoramizdan turib kuzatilgan eng uzoq va birinchi yangi turdagi galaktika sanaladi. Uni Italiya milliy astrofizika instituti (INAF) boshchiligidagi astronomlar jamoasi topishga muvaffaq bo‘lgan.
“Tosh qotgan galaktikalar boshqalari bilan birlashmaydi. Ular deyarli o‘zgarishsiz qoladi. Ushbu obyektlar koinotda juda kam uchraydi. Sababi vaqt o‘tishi bilan boshqa galaktika bilan birlashish ehtimoli tabiiy ravishda ortadi”, dedi INAF tadqiqotchisi Kreshenso Tortora.
Tadqiqotchilarning aytishicha, ushbu turdagi galaktikalar juda muhim, chunki ular milliardlab yillar oldin mavjud bo‘lgan ulkan galaktikalar populyatsiyasi haqida bebaho bilim taqdim etadi. Ularni o‘rganish koinotning “go‘daklik” davridagi sharoitlarini tasavvur qilish va dastlabki yulduzlar shakllanishini tushunish imkonini beradi.
“Bu galaktikaning yulduz hosil qilishdan to‘xtashiga nima sabab bo‘lgani katta savol tug‘diradi. O‘ylashimizcha, o‘ta massiv qora tuynuklar bunga sabab bo‘lishi mumkin. Ular galaktikadagi gazni haydab chiqaradigan kuchli shamollarni hosil qiladi. Bu esa yulduzlarning keyingi shakllanish bosqichiga to‘sqinlik qiladi. Biroq bu boradagi fikrlarimiz hali ham tadqiq qilinmoqda”, dedi Oksford universitetining astrofizika professori Mikele Kappellari.

Olimlar dastlab KiDS J0842+0059 galaktikasini 2018-yilda Chilidagi Paranal rasadxonasida VLT Survey teleskopi yordamida aniqlagandi. Ushbu kuzatuvga ko‘ra, galaktika juda qadimiy yulduzlarni o‘z ichiga olgan. O‘sha paytda uning massasi va o‘lchami taxmin qilingan edi xolos. Galaktikani “tosh qotgan”ini tasdiqlash uchun batafsilroq kuzatuvlar talab qilingan.
Izoh (0)