Apple kelasi yilning bahorida iPhone 17e’ni taqdim etishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Koreyaning The Elec nashri. Bu haqida avvalroq mish-mishlar tarqalgan bo‘lib, kompaniya iPhone 16e uchun talab kamligi sababli ushbu modeldan voz kechishi mumkin edi.

Yangilik avvalgi model bilan bir xil OLED-panelga ega bo‘ladi (birinchi marta iPhone 14’da debyut qilgan). Ushbu qaror qurilmani o‘rtacha byudjetli segmentda saqlab qolish uchun arzonroq komponentlardan foydalanishga intilish bilan bog‘liq. Eslatib o‘tamiz, iPhone 16e 6,1 dyuymli displey, Face ID, A18 chipi va USB-C portiga ega, uning boshlang‘ich narxi 600 dollar bo‘lib, iPhone 16 qatoridagi eng arzon model hisoblanadi.
Displeylarni yetkazib beruvchilar yana BOE va Samsung bo‘ladi, biroq LG ham ishtirok etishi mumkin.
Aprel oyida insayderlardan biri iPhone 17e allaqachon sinov ishlab chiqarish bosqichidan o‘tayotganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay, tahlilchi Min-Chi Kuo Apple ushbu modelni keyingi yilning birinchi yarmida chiqarishni rejalashtirayotganini aytdi. Shuningdek, u 2027-yilda kompaniya relizlar jadvalini o‘zgartirishni rejalashtirayotganini ta’kidladi: byudjet modellari bahorda, premium versiyalari, jumladan Air esa an’anaviy ravishda sentyabr oyida chiqariladi.
Izoh (0)