Hammamiz ham sog‘lom va chiroyli teriga ega bo‘lishni istaymiz. Ammo ba’zan e’tiborsizlik yoki bilimsizlik sababli kerakli natijaga erisha olmaymiz. Eng oddiy ko‘ringan xatolar ham terimizga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Quyida dermatolog va kosmetolog Yekaterina Kaminskaya yuz parvarishidagi eng keng tarqalgan xatolar haqida so‘zlab berdi.

1. Yuzni tozalamaslik yoki noto‘g‘ri tozalash
Yuz parvarishining eng muhim bosqichi uni tozalash hisoblanadi. Yuz va bo‘yin sohasida to‘plangan ter, chang va kosmetika qoldiqlarini o‘z vaqtida yuvish muhim. Afsuski, ba’zi ayollar bu narsaga beparvolik bilan qaraydi. Natijada terida mayda teshiklar (poralar) ichi to‘lib qoladi, bakteriyalar ko‘payadi va terining o‘zini-o‘zi himoya qilish xususiyatlari pasayadi.
Boshqa tarafdan, ayrimlar yuzni tez-tez kuchli vositalar bilan yuvishga odatlangan, bu esa terini qattiq quritadi, tirnaydi va qizarishlarga olib keladi. Eng to‘g‘ri yechim: salitsil yoki glikol kislotasi mavjud bo‘lgan yumshoq tozalovchi vositalar (gidrofil yog‘ va yuz tozalovchi ko‘pik)dan kuniga ikki martadan ko‘p bo‘lmagan holda foydalanishdir.
2. Noto‘g‘ri tanlangan kosmetik vositalar

Bugungi kunda kosmetika bozori xilma-xil mahsulotlarga to‘la, yangi trendlar va blogerlar tavsiyalari esa ayollarni chalg‘itib qo‘yadi. Masalan, xaridorlar o‘z teri turini (quruq, yog‘li, sezuvchan, aralash) hisobga olmasdan, reklama qilingan mahsulotni sotib olishadi. Natijada u vosita teri muammosini hal qilmaydi yoki toshmalarga sabab bo‘ladi.
Yodda tuting: sizga mos kelgan vosita boshqalarga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Har kimning terisi o‘ziga xos va unga mos kosmetika alohida yondashuv bilan tanlanadi. Teri turini aniq bilish va unga mos vositalarni tanlashda kosmetolog yordam bera oladi.
3. Terini yetarlicha namlantirmaslik
Yana bir xatolik — terini namlantirishga yetarlicha e’tibor bermaslik. Buning oqibatida organizmda suvsizlanish yuz berishi mumkin, bu esa terining qurishiga, elastikligini yo‘qotishiga, qizarish va yallig‘lanishlarga olib keladi.
Buning oldini olish uchun yetarli miqdorda suv ichish, namlantiruvchi kremlar va zardoblardan foydalanish kerak. Bunda tarkibida gialuron kislotasi yoki salitsil kislotasi bo‘lgan gel asosidagi vositalar ayni muddao.
4. Quyoshdan himoya qilmaslik

Ko‘pchilik SPF (quyoshdan himoya) kremlari faqat yozda yoki dengiz bo‘yida kerak bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Aslida esa, bunday vositalardan yil davomida har kuni foydalanish lozim. Hatto quyoshli bo‘lmagan kunlarda ham teri ultrabinafsha nurlar ta’siriga uchrashi isbotlangan.
Aks holda, terida erta qarish, pigment dog‘lari yoki kuyishlar paydo bo‘lishi mumkin. Ayniqsa kosmetologik muolajalardan keyin quyoshdan himoya qiluvchi vositalarini surtish va vaqti-vaqti bilan yangilab borish juda muhim.
5. Tizimli parvarishning yo‘qligi
Teri parvarishi izchillikni talab qiladi. Hatto eng yaxshi vosita ham bir marta foydalanganda natija bermaydi. Chiroyli va sog‘lom teriga muntazam parvarish, to‘g‘ri ovqatlanish, yetarli uyqu va stressdan uzoqlashish bilan erishiladi.
Zamonaviy salon xizmatlari, shuningdek, kosmetolog va dermatologning tavsiyalari bu yo‘lda sizga katta yordam beradi.
Izoh (0)