Ko‘pincha voqealarni oldindan bashorat qiladigan Gollivudning taniqli insayderi Jeff Snayder Pixar mashhur “Ratatuy” multfilmining davomini ishlab chiqayotganini maʼlum qildi. Yaqindagina studiya buni inkor etgan edi. Uning aytishicha, animatsiyaning davomi dastlabki bosqichda va asl filmning rejissyori Bred Berd ishda qatnashadimi yoki yo‘qmi, hozircha nomaʼlum.

Birinchi qism chiqqanidan buyon 18 yil o‘tdi va ko‘pchilik hali ham uni studiyaning eng sara asarlaridan biri deb hisoblaydi. Ajoyib hid bilish va taʼm sezish qobiliyati tufayli noyob oshpazlik isteʼdodiga ega bo‘lgan sichqoncha Remi haqidagi hikoya tomoshabinlar qalbini zabt etgan edi. 2007-yilda multfilm jahon prokat bozorida 620 million dollardan ortiq mablag‘ to‘plagan.
Bu yangilik Pixarʼning davomli filmlar yaratish tendensiyasi kuchayib borayotganini tasdiqlaydi. “Boshqotirma 2” o‘tgan yili 1,7 milliard dollardan ortiq daromad bilan jahon prokatining yetakchisiga aylandi. Keyingi yillarda “O‘yinchoqlar tarixi 5“, “Super oila 3”, va “Koko siri 2” filmlari chiqariladi. Studiyaning so‘nggi original loyihasi “Elio”ning muvaffaqiyatsizligi uning sinovdan o‘tgan hitlarga qaytish yo‘nalishini yanada mustahkamlaydi. World of Reel muallifi taʼkidlaganidek, ko‘rinishidan, studiyaning kelajagi o‘tmishga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)