O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi jazirama issiqdan himoyalanish uchun aholiga qator tavsiyalar berdi.

Maʼlum qilinishicha, quyosh urishi ochiq havoda to‘g‘ri tushadigan quyosh nurlari ostida sodir bo‘ladi, lekin issiq ta’sir qilgandan so‘ng 6-8 soat o‘tib ham boshlanishi mumkin. Quyosh urishidan saqlanish uchun bir nechta tavsiyalar berildi. Jumladan:
- iloji boricha soat 10:00 dan 17:00 gacha tik tushadigan quyosh nurlari ostida bo‘lmaslik;
- tabiiy matolardan (paxta, kanop) tayyorlangan kiyim kiyish;
- yengil, yorqin rangli bosh kiyim kiyish, ko‘zga quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish;
- suv ichish rejimiga amal qilish. Tartibsiz ko‘p miqdorda suv ichish chanqoqni yaxshi bosmaydi, lekin yurakni zo‘riqtiradi. Yaxshisi achchiqroq damlangan choy, kvas, har xil sharbatlar, mineral suv ichish lozim;
- quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanish;
- quyoshda bo‘lib qaytgandan so‘ng, dush qabul qilish yoki ho‘l sochiq bilan artinish;
- och qoringa yoki ovqat yegandan so‘ng darhol quyosh ostida bo‘lmaslik.
Quyosh urishi yoki issiq urishi belgilari:
- darmonsizlik, charchoq, bosh og‘rig‘i va chanqash kuzatiladi;
- bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada og‘riq bo‘lib, puls va nafas tezlashadi. Ayrim paytlarda ko‘ngil aynishi va qusish kuzatilishi mumkin. Terlash kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin;
- yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushini yo‘qotishi mumkin;
- ayrim paytlarda tutqanoq tutishi, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi mumkin.
Quyosh urishining og‘ir shaklida ter ajralishi to‘xtaydi, agarda bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, nafas va yurak to‘xtashi mumkin.
Quyosh yoki issiq urganda birinchi tibbiy yordam
Birinchi tibbiy yordamni to‘g‘ri ko‘rsatish inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Asosiysi, kishi o‘zini yo‘qotmasdan hammasini to‘g‘ri va tez bajarish zarur. Avvalo bemorni salqin joyga o‘tkazish, chalqancha yotqizish, boshini salgina ko‘tarib qo‘yish, kiyimlarini yechish, butunlay tinch muhit yaratish va toza havo kelishini ta’minlash lozim.
Agar bemor hushida bo‘lsa achchiq choy yoki sovuq suv ichirish, (yaxshisi suvga 0,5 litrga 0,5 choy qoshiqda tuz qo‘shish) kerak. Shuningdek, boshini sovuq suv bilan ho‘llash yoki boshiga nam sochiq qo‘yish maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, og‘ir holatlarda bemorni ho‘llangan choyshab bilan o‘rab qo‘yish yoki ustidan sovuq suv quyib turish mumkin, lekin ehtiyot bo‘lish kerak (tana harorati 30 gradusdan tushib ketmasligi kerak). Agar iloji bo‘lsa qon tomirlari ko‘p bo‘lgan qo‘ltiq osti, chov va tizza orqasiga muz yoki sovuq suv to‘ldirilgan baklajka qo‘yish lozim.
Quyosh yoki issiq urgan bemorlarni yaqin o‘rtadagi davolash muassasasiga olib borish zarur. Og‘ir hollarda esa zudlik bilan tez yordam brigadasini chaqirish kerak.
Izoh (0)