Koreys doramalari butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlar qalbini zabt etdi, Turkiya ham bundan mustasno emas. Oila va an’analarga hurmat kabi madaniy qadriyatlarning o‘xshashligi tufayli koreys syujetlari turk auditoriyasiga manzur keldi. Turk prodyuserlari mashhur koreys seriallarini o‘zlariga moslashtirib, ba’zan asl nusxadan kam bo‘lmagan muvaffaqiyatga erishadigan qayta ishlangan versiyalarni yaratmoqda.
“Nikoh” va “Bevafo”
“Nikoh” doramasi 2020-yil mart oyida efirga chiqdi. Erining xiyonatidan so‘ng oilasi parchalanib ketgan ayol shifokor rolini Kim Xi E ijro etgan. Syujet markazida oilaviy inqiroz, qasos va ruhiy yaralarni davolash yotadi. Bosh rol ijrochisi “Eng yaxshi ayol roli uchun” Baeksang Arts Awards mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Mazkur filmning turkcha varianati — “Bevafo” 2020-yil oktyabridan 2022-yil mayigacha Kanal D telekanalida efirga uzatilgan. Asosiy qahramon — Jansu Dere ijrosidagi doktor Asya. Uning oilaviy hayoti erining xiyonatini bilib qolganidan so‘ng izdan chiqadi.
“Doktor Chxa” va “Bahor”
“Doktor Chxa” seriali uzoq yillar davomida uy bekasi bo‘lgan, biroq 20 yildan so‘ng shifokorlik faoliyatiga qaytgan ayol haqida hikoya qiladi. U o‘zining kasbiy faoliyatini tiklashga urinish jarayonida oilaviy mojarolarga va erining xiyonatiga duch keladi. Bosh rolni Om Jong Xva mahorat bilan ijro etgan.
2024-yilda Turkiyada “Bahor” nomli serial taqdim etildi. Bosh rolni Demet Evgar, asosiy erkak rolini esa Bugra Gulsoy ijro etdi. Syujet bo‘yicha, bosh qahramon tibbiyotga qaytadi va asta-sekin yangi qadriyatlar tizimini shakllantiradi. Voqealar turk madaniyati kontekstiga singdirilgan: bu yerda ayolning erga qaramligi va o‘z mustaqilligi uchun kurashi mavzusi alohida aks ettirilgan. Evgar, ayniqsa, oilasi bilan to‘qnashuv sahnalarida, ishonchli va kuchli ijrosi uchun ko‘plab ijobiy baholar oldi.
“U go‘zal edi” va “Sevadi, sevmaydi”
Janubiy Koreyaning “U go‘zal edi” seriali Turkiyaning “Sevadi, sevmaydi” loyihasiga asos bo‘lgan. Ularning syujeti o‘xshash: hayotda omadi chopmagan ayol bolalikdagi dugonasini uchratib qoladi. Tomoshabinlar koreyalik Kim obraziga o‘xshash Deniz rolini ijro etgan aktrisa va Yigit rolini ijro etgan aktyorning mahoratini alohida ta’kidlashgan.
Ayol avvaliga hayajon va ishonchsizlik bilan yashardi, asta-sekin kuchli shaxs sifatida o‘zini namoyon eta boshlaydi — bu esa remeykning ta’sirchan hissiy asosiga aylanadi. Tomoshabinlar har ikkala versiyani ham iliq kutib olishdi, biroq turk versiyasi ijtimoiy tarmoqlarda ta’sirli dialoglar va kuchaytirilgan drama tufayli ko‘proq muhokama qilindi.
“Shifokorlar” va “Yurak urishi”
“Shifokorlar” nomli koreys doramasida og‘ir fe’l-atvorli qiz va undagi iste’dodni ko‘ra olgan iqtidorli shifokor yigit haqida hikoya qilinadi. “Yurak urishi” nomli turk seriali ham shu sxemani takrorlaydi: Ali Asaf Eylulga shifokor bo‘lishida yordam beradi. Ko‘p yillar o‘tgach, ular Istanbuldagi eng nufuzli shifoxonalardan birida qayta uchrashadi.
Izoh (0)