May oyi oxirida birinchi “Madagaskar” multfilmi 20 yoshga to‘ldi. Oilaviy tomosha uchun yaratilgan bu animatsion film tezda shuhrat qozondi, multfilm ham kattalar uchun birdek qiziqarli bo‘lishi mumkinligini isbotladi. Bundan tashqari, u yuz millionlab dollar daromad keltirdi, ulkan media franshizasiga aylandi.
Birinchi “Madagaskar” multfilmi faqat bolalarbop tomosha bo‘lmay qolgan paytda ekranlarga chiqdi. Bozor yetakchilari DreamWorks (“Shrek” va “Madagaskar”) va Pixar (“Maxluqlar korporatsiyasi”) o‘sha paytga kelib muvaffaqiyatning ta’sirchan usulini o‘zlashtirib olishgan edi: yorqin tasvirni bolalar tushunadigan ajoyib yumor va kattalarga ta’sir qiladigan dramaturgiya bilan uyg‘unlashtirish orqali turli yoshdagi tomoshabinlar e’tiborini tortdi.
Bundan tashqari, animatsiya qo‘shiqlar, filmlar yoki mashhurlar janjallariga ishoralarni tobora ko‘proq o‘z ichiga ola boshladi. Multfilmlardan olingan iqtiboslar xalq orasida tarqaldi, qo‘shiqlar ommalashdi (Sasha Baron Koen ijrosidagi Reel 2 Real guruhining “I like to move it!” quvnoq qayta ishlangan varianti har bir mobil telefon yoki radiodan yangrayotgan hitga aylandi), qahramonlar esa o‘yinchoqlar, kanselyariya buyumlari, esdalik sovg‘alar va boshqalarda yangi ko‘rinish oldi. Ya’ni animatsiya yopiq tizim bo‘lishdan to‘xtadi va kinoteatrlar chegarasidan tashqariga chiqib, o‘z ta’sir doirasini maksimal darajada kengaytirdi.
Byudjeti 75 million dollar bo‘lgan birinchi multfilm dunyo bo‘ylab 557 million dollar daromad keltirdi. Garchi Rotten Tomatoes saytida tanqidchilarning bahosi 55% dan oshmagan bo‘lsa-da, matbuot bir ovozdan tan oldi: multfilm tomoshabinlarga murojaat qiladigan tilning universalligi tufayli muvaffaqiyat qozondi, katta-yu kichikni o‘ziga jalb qildi. Shuningdek, vizual jihatlari — sifatli animatsiya, yorqin tasvirlar va yangi ming yillikning boshida keskin rivojlangan kompyuter grafikasining yangi imkoniyatlari alohida e’tirof etildi.
“Jilmayamiz va qo‘l silkiymiz, yigitlar, jilmayamiz va qo‘l silkiymiz!”
Birinchi qismning muvaffaqiyati (loyiha 2005-yilning eng ko‘p daromad keltirgan o‘nta filmi qatoriga kirgan) uni davom ettirishga turtki bo‘ldi. 2005-yilda pingvinlar hayotidagi voqealarga bag‘ishlangan 12 daqiqalik qisqa metrajli “Madagaskar pingvinlari Rojdestvo sarguzashtlarida” filmi chiqdi. Unda pingvinlar Yangi yil avjida yolg‘izlikdan zerikkan oq ayiqni qutqarishga bel bog‘lashadi. 2008-yilda franshizaning keyingi to‘liq metrajli qismi — “Madagaskar 2” ekranlarga chiqdi. Unda tanish qahramonlar bu safar Afrikaga tushib qolishadi. Ayni paytda televideniyeda yetti yil davomida efirga uzatilib, kino olamini yanada kengaytirgan to‘laqonli “Madagaskar pingvinlari” multseriali ham start oldi.
2012-yilda “Madagaskar 3” chiqqach, 2018-yilda “Madagaskar 4” filmi ustida ishlanayotgani haqida gaplar tarqaldi, ammo loyiha va’dalardan nariga o‘tmadi.
“Ba’zi g‘oyalar ishlanmoqda, ammo aniq hech narsa yo‘q. Aytishga arzigulik gap paydo bo‘lishi bilan darhol e’lon qilamiz”, deb sakkiz yil oldin rejissor Tom Makgrat va’da bergan edi.
Umuman olganda, to‘liq metrajli franshiza jahon prokatida deyarli 2,5 milliard dollar daromad keltirdi. Kompyuter, o‘yin pristavkalari va mobil telefonlar uchun o‘nta turli xil videoo‘yin ishlab chiqildi. 2011-yildan 2018-yilgacha “Madagaskar”ning beshta jonli tomoshasi namoyish etildi: musiqiy spektakllardan tortib murakkab sirk shou-dasturlarigacha. Multfilmlar asosida yaratilgan mavzuli attraksionlar butun dunyo bo‘ylab turli ko‘ngilochar bog‘larda, Shimoliy Amerikadan to Singapurgacha, o‘z o‘rnini topdi.
Izoh (0)