Ko‘pincha yog‘li teriga ega odamlarning yuzida teshikchalar va qora nuqtalar kuzatiladi. Biologiya fanlari doktori Nikolay Kovalev yuzdagi teshiklarning to‘lib qolish omillari, uni oldini olish va davolash usullarini ma’lum qildi.

Teri yog‘ining ortiqcha ishlab chiqarilishi
Yuzda qora nuqtalar paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri bu teri yog‘i (sebum)ning ortiqcha ishlab chiqarilishidir. Sebum terini namlab, uni himoya qiluvchi plyonka hosil qiladi. Ammo u haddan tashqari ko‘p ishlab chiqarilganda, ayniqsa o‘lik teri hujayralari bilan birlashganda, yuzdagi teshikchalarni to‘sib qo‘yadi. Bu holat qora nuqtalar va husnbuzarlarga olib keladi.
Teri hujayralarining yangilanishidagi buzilish
Teri doimo yangilanib turadi, o‘lik hujayralar to‘kilib, o‘rniga yangi hujayralar paydo bo‘ladi. Ammo bu jarayon buzilganda, o‘lik hujayralar to‘kilib ketmaydi, balki teshikchalarda to‘planadi va ularni to‘sib qo‘yadi. Bu holat namlik yetishmovchiligi yoki sizga mos bo‘lmagan kosmetik vositalardan foydalanish natijasida yuz berishi mumkin.

Chang va atrof-muhitdagi iflosliklar
Yuzdagi teshikchalarni to‘sib qo‘yadigan yana bir sabab — terining tashqi muhitdagi iflosliklardan yetarli darajada tozalanmasligidir. Chang, kir, toksinlar va boshqa iflos moddalar teri yuzasiga o‘rnashib, so‘ngra teshikchalarga tushadi. Sebum bilan birlashgach, ular qora nuqtalarni hosil qiladi. Bu holat ayniqsa havosi iflos shaharlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Gormonal o‘zgarishlar
O‘smirlik, homiladorlik, hayz ko‘rish yoki gormonal dori vositalarini qabul qilish kabi davrlarda organizmdagi gormonal o‘zgarishlar teri yog‘ining ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Bu qora nuqtalar hamda husnbuzarlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Noto‘g‘ri ovqatlanish
Shakar, sut mahsulotlari va uglevodlarga boy ovqatlar insulinni va boshqa gormonlarni ko‘paytiradi. Bu esa o‘z navbatida teri yog‘i ishlab chiqarilishini oshiradi va qora nuqtalar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ortiqcha vazn va modda almashinuvdagi muammolar ham teri holatiga salbiy ta’sir qiladi.

Qora nuqtalarga qarshi qanday kurashish kerak?
Qora nuqtalarga qarshi kurashda kompleks yondashuv muhim: to‘g‘ri tozalash, namlash va terini yangilovchi faol moddalarni qo‘llash kerak.
Tozalash
Birinchi va eng muhim qadam bu yuzni muntazam tozalab turish. Yuzni yuvish uchun mo‘ljallangan penkalar, gellar yoki spirtsiz sutli tozalagichlar barcha teri turlari uchun mos keladi. Yog‘li va aknega moyil teri uchun salitsil kislotasi bo‘lgan vositalar foydali. U teshikchalarga chuqur kirib, yog‘ va o‘lik hujayralarni eritadi.
Eksfoliatsiya — terining o‘lik hujayralaridan tozalash jarayoni
Teshikchalarni to‘silib qolishining oldini olishda o‘lik hujayralarni muntazam tozalab turish juda muhim. Uy sharoitida mevali kislotalalar asosidagi kimyoviy eksfoliantlardan foydalanish mumkin. Salitsil kislotasi teshiklar ichiga kirib, ularning ichidagi iflosliklarni eritadi. Bu esa uni komedonlar va aknega qarshi kurashda ideal vositaga aylantiradi.
Sut kislotasi yumshoqroq ta’sir qiladi va quruq yoki sezgir teri uchun mos keladi. U terini bezovta qilmasdan yangilanishiga yordam beradi.
Kimyoviy eksfoliantlardan tashqari, terini tozalash uchun yana bir foydali vosita — peeling. Ular oddiy skrablardan farqli o‘laroq, terini muloyim tozalaydi. Ular ko‘pincha mevali kislotalar yoki fermentlarni o‘z ichiga oladi. Bu moddalar o‘lik teri hujayralarini yumshatadi va surtish paytida ularni “to‘plab”, quyidagi ko‘rinishga keltira boshlaydi.

Niqoblar
Gilli niqoblar teshikchalarni toraytirish va terini chuqur tozalashda samarali hisoblanadi. Gilli yog‘ va kirni o‘ziga tortadi, qon aylanishini yaxshilaydi va terining tiklanishiga yordam beradi. Shuningdek, u yallig‘lanishga qarshi xususiyatlarga ega.
Namlikni ta’minlash va tiklash
Yog‘li teri ham namlikka muhtoj. Namlik yetishmaganda teri yog‘ni ko‘proq ishlab chiqarishga urinadi. Shuning uchun qora nuqtalarga moyil teri uchun yengil, teshikchalarni to‘sib qo‘ymaydigan namlovchi vositalar tanlash kerak. Masalan, tarkibida gialuron kislotasi, aloe vera yoki pantenol bo‘lgnan kremlar.
Izoh (0)