Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlari tushishda davom etmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan 2025-yilning mart oyida poytaxtda uy-joylar uchun taklif etilgan ijara narxlari tahlilidan ma’lum bo‘ldi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar mart oylarida Toshkentda 1, 2 va 3 xonali turar joylarning o‘rtacha ijara narxlari o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan sezilarli darajada arzonlashgan bo‘lsa, 4 xonali uylarniki Shayxontohur tumanidagi to‘liq taʼmirlangan “lyuks” toifadagi uylar ijarasi hisobiga biroz qimmatlashgan.
O‘rtacha taʼmirlangan uy-joylar ijarasi
2025-yilning mart oyida o‘rtacha taʼmirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari 2024-yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada arzonlashdi.
Nisbatan arzon ijara narxlari:
- Sergeli tumani (1 xonali — 297 dollar, 2 xonali – 373 dollar, 3 xonali – 432 dollar, 4 xonali — 443 dollar);
- Olmazor tumani (1 xonali – 287 dollar, 2 xonali – 347 dollar, 3 xonali – 408 dollar, 4 xonali – 474 dollar).
Nisbatan qimmat ijara narxlari:
- Shayxontohur tumani (1 xonali – 345 dollar, 2 xonali – 462 dollar, 3 xonali – 582 dollar, 4 xonali – 617 dollar);
- Yakkasaroy tumani (1 xonali – 381 dollar, 2 xonali – 528 dollar, 3 xonali – 616 dollar, 4 xonali – 700 dollar).
To‘liq taʼmirlangan uy-joylar ijarasi
2025-yilning mart oyida to‘liq taʼmirlangan 1, 2 va 3 xonali turar joylar uchun ijara narxlari ham o‘tgan yilning mart oyidagiga nisbatan arzonlashdi.
Mazkur davrda 4 xonali uylarning ijara narxi 957 dollarni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davridagiga (909 dollar) nisbatan 3,1 foiz qimmatlashdi.
Bunday uy-joylar uchun taklif etilgan nisbatan arzon ijara narxlari:
- Sergeli tumani (1 xonali – 327 dollar, 2 xonali – 417 dollar, 3 xonali – 513 dollar, 4 xonali – 641 dollar);
- Uchtepa tumani (1 xonali – 386 dollar, 2 xonali – 450 dollar, 3 xonali – 534, 4 xonali – 625 dollar).
Nisbatan qimmat ijara narxlari:
- Mirobod tumani (1 xonali – 484 dollar, 2 xonali – 731 dollar, 3 xonali – 1027 dollar, 4 xonali – 1328 dollar);
- Shayxontohur tumani (1 xonali – 521 dollar, 2 xonali – 732 dollar, 3 xonali – 1093 dollar, 4 xonali – 1381 dollar).
Ijara narxlari olx.uz platformasidan veb-skreping (web scraping) orqali olingan ochiq maʼlumotlar asosida tahlil qilindi. Bunda 2025-yilning fevral oyi uchun 37,5 mingta va mart oyi uchun 39,4 mingta, 2024-yilning mart oyi uchun 52,2 mingta maʼlumotdan foydalanildi. Har uchta davr uchun tahlillar narxlar chegarasining yuqori va pastki 5 foizlik kvantillari chiqarib tashlanganidan keyin amalga oshirildi.
2025-yilning fevral oyida ham Toshkent shahrida uy-joylar uchun taklif etilgan ijara narxlari pasaygandi.
Izoh (0)